Ibratli voqea: Ota duosi

Uyda ota-bola suhbatlashib o‘tirar edi, to‘satdan kimdir eshikni zarda bilan taqillatibdi. O‘g‘il eshikni ochibdi. G‘azabnok bir kishi turgan ekan. U ichkariga kirib na salom-na alik, cholga qarab baqira ketibdi:

- Qarzingizni qaytaring. Uzoq kutdim. Sabr kosam to‘ldi. Pullarimni bering! - debdi.

Otasining bunday noqulay ahvolga tushib qolganidan o‘g‘il xafa bo‘libdi, ko‘zlaridan yoshlari quyilibdi. So‘ng kelgan kishidan:

- Otamning sizdan qancha qarzlari bor? - deya so‘rabdi.

- To‘qson ming riyoldan oshiq.

- Otamni o‘z holiga qo‘ying, pulingizni men beraman. - debdi-da xonasiga kirib ketibdi.

Oyliklaridan tejab yig‘ayotgan yigirma yetti ming riyoli bor edi. U bu pullarni, o‘zi sabrsizlik bilan kutayotgan to‘yiga yig‘ayotgan ekan. Lekin otasining g‘amini aritishni ustun deb bilibdi.

Pullarni olib chiqibdi va:

- Mana pul, oling. Xudo xohlasa qolganini ham tez orada to‘laymiz, - debdi.

Bechora ota yig‘lab yuboribdi va qarzini so‘rab kelgan kishidan pullarni o‘g‘liga qaytarishini so‘rabdi. Bu pullar o‘g‘liga juda zarurligini, uning hech qanday aybi yo‘qligini aytib, yolvoribdi.

Pulni olgan kishi cholning gaplariga e’tibor qilmay xonadan tezda chiqib ketibdi. O‘g‘il uning ortidan chiqib, otasiga boshqa qarz masalasida murojaat qilmasligini, o‘ziga aytishini iltimos qilibdi.

So‘ng otasining yoniga kelib, uning peshonasidan o‘pib:

- Otajon, bu pullar sizdan aziz emas! Qolgan ishlar vaqt-soati bilan bo‘ladi, - debdi.

Qari ota o‘g‘lini quchoqlab, o‘pib qo‘yibdi:

- Alloh sendan rozi bo‘lsin, o‘g‘lim! Ishlaringni o‘nglasin! Xatolaringni kechirsin!

...Ertasi kuni yigit terga botib ishlar ekan, anchadan beri ko‘rishmagan do‘stlari yoniga kelibdi. Salom alikdan so‘ng ularning biri:

- Do‘stim, kecha bir boy-badavlat, katta tadbirkorlardan bo‘lgan tanishim bilan suhbatlashgan edim. U mendan ishonchli, omonatdor, xulq-atvori go‘zal, xolis va ishini uddasidan chiqadigan qat’iyatli yosh yigit topib berishimni so‘radi. Men sendan boshqa bunday sifatlarga ega insonni tanimayman. Nima deysan, shu ishga kirishasanmi? Kel, ishingni tezroq tugat, kechki tomon o‘sha tadbirkor bilan uchrashamiz.

Yigitning ko‘zlari quvonchdan porlab ketibdi:

- Bu otamning duosi! Allohga hamd bo‘lsin, ijobat qildi, - debdi.

Kechqurun katta tadbirkor bilan uchrashuv bo‘libdi. Yigit ma’qul kelibdi. Undan qancha oylik olishini so‘rabdi.

- Oyligim 4970 riyol, – debdi yigit.

Tadbirkor:

- Ertaga ertalab borib, ishdan bo‘shab kel. Bugundan e’tiboran oyliging 15 ming riyol. Qo‘shimchasiga daromadning 10 foizi seniki bo‘ladi. Shinam uy-joy, zamonaviy mashina va olti oylik maoshingni senga in’om qilaman. Ust-boshingni yaxshilab olasan.

Yigit quloqlariga ishonmabdi. O‘zini tutib turolmay yig‘lab yuboribdi. Tadbirkor undan yig‘lashining sababini so‘rabdi. Yigit ikki kun avval bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab beribdi. Yigitning gaplarini eshitgan tadbirkor qarzlarini ham qoplab beribdi.

Ota-onaga yaxshilik qilishning, ularga muruvvat ko‘rsatishning samarasi mana shunday bo‘ladi!

Ummu Amina.