IIV fuqarolarni internet firibgarlaridan ogohlantirdi

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda ba’zi fuqarolar internetda firibgarlikning noodatiy turiga duch kelyapti.

Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, keyingi paytlarda fuqarolar tomonidan pornografik foto va video mahsulotlarni targ‘ib qiluvchi internet resurslaridan foydalanish jarayonida, boshqa shu kabi resurslarga avtomatik tarzda o‘tib ketish oqibatida “O‘zbekiston Respublikasi IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘limidan bildirishnoma” sarlavhasi ostida ma’lumot sizib chiqyapti.

Unda foydalanuvchining taqiqlangan saytlarga kirgani sababli go‘yoki, IIV tomonidan u 200 ming so‘m (ayrim hollarda 300 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgani va “Webmoney” elektron to‘lov tizimi orqali davlat hisobiga to‘lovni amalga oshirishi lozimligi aytiladi. Foydalanuvchi jarimani to‘lamasa, qurilmada saqlangan kontaktlarga foydalanuvchining pornografik foto va video mahsulotlar joylashtirilgan internet resurslaridan foydalangani haqida hodisa bayoni hamda foydalanuvchiga jarimani to‘lash talabi bilan SMS xabar yuborilishi bilan tahdid qilinadi. Shu bilan birga, foydalanuvchilarning internet veb-brauzeri blokirovka holatiga tushib qoladi.

IIV ta’kidlab o‘tilgan holatlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:

– O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarkibida “Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi” nomi bilan faoliyat yurituvchi bo‘lim yoki bo‘linma mavjud emas;

– “Webmoney” to‘lov tizimida O‘zbekiston Respublikasi IIV tarkibiy va hududiy tuzilmalari elektron hamyonlariga ega emas.

“Shunga muvofiq, fuqarolarimizni internet tarmog‘idan foydalanayotganda bu kabi salbiy holatlarga duch kelmasligi uchun firibgarlarning aldoviga ishonib qolmaslikka chaqiramiz”, deya ogohlantirgan IIV.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda yuqorida ta’kidlab o‘tilgan holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilyapti.

Avvalroq, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi SMS xabarnoma orqali firibgarik qilish ommalashayotgani va undan ehtiyot bo‘lish haqida ogohlantirgandi.