Ijro intizomi yanada mustahkamlanadi
•O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 avgustdagi "Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoyishiga muvofiq vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning "Ijro.gov.uz" ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimiga (keyingi o‘rinlarda - "Ijro.gov.uz" tizimi) ulanishi ta’minlangan.
•Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi tomonidan "Ijro.gov.uz" tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 800 dan ortiq qarorlari va topshiriqlarining to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan test rejimida tizimli nazorat olib borilmoqda.
•Ta’kidlanishicha, yaratilgan sharoitlarga qaramasdan, ayrim vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro intizomi nazoratini sifatli va samarali tashkil qilish, shuningdek, o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hanuzgacha talab darajasida yo‘lga qo‘yilmayapti.
•Mazkur qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishi yuzasidan nazorat olib boruvchi, shuningdek, "Ijro.gov.uz" tizimi bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi mas’ul davlat organi hisoblanadi.
•Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi "Ijro.gov.uz" tizimini doimiy asosda texnik qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirishni ta’minlovchi ishchi organi etib belgilangan.
•O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tuzilmalari maxfiylik belgisi ostidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari ma’lumotlar bazasini yuritish va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun mas’uldir.
•Bundan tashqari, qaror asosida "Ijro.gov.uz" ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimining ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi.
•Unga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvardan boshlab respublika va hududlar darajasidagi majlis va yig‘ilishlarni o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘tkaziladigan yig‘ilishlar bundan mustasno, faqatgina "Ijro.gov.uz" tizimidagi majlislar va yig‘ilishlar maxsus markazlashgan ma’lumotlar bazasiga o‘tkazilayotgan tadbirning maqsadi, natijalari, ishtirokchilar tarkibi va davomiyligi ko‘rsatilgan qaydlar kiritilganidan so‘ng amalga oshiriladi.
•O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarida belgilangan ijro muddatlari faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ruxsati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan kelishilgandan so‘ng uzaytiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Bosh prokuratura bilan birgalikda majlislar va yig‘ilishlarning "Ijro.gov.uz" tizimidagi markazlashgan ma’lumotlar bazasida qayd etilmagan holda o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tizimli nazoratni amalga oshiradi.
•O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Bosh prokuratura bilan birgalikda majlislar va yig‘ilishlarning "Ijro.gov.uz" tizimidagi markazlashgan ma’lumotlar bazasida qayd etilmagan holda o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tizimli nazoratni amalga oshiradi.