Ijtimoiy dorixonalarning asosiy vazifasi nimalardan iborat?

Ijtimoiy dorixonalarning asosiy vazifasi aholini ro‘yxatga kiritilgan dorixona assortimentidagi dori vositalari va tibbiy buyumlar, imtiyozga ega ayrim toifadagi shaxslarni dori vositalari bilan ta’minlashdan iborat.

Ijtimoiy dorixona bir qator funksiyalarni amalga oshiradi. Xususan, dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji realizatsiyasi uchun va dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan ta’minotchilardan sotib oladi (olib kirishdan tashqari).

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan retsept asosida beriladigan dori vositalarini yoki tasdiqlangan, retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatiga muvofiq dori vositalarini retseptsiz ravishda chakana realizatsiya qilish, shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozga ega ayrim toifadagi shaxslarni dori vositalari bilan ta’minlaydi.

Belgilangan tartibda dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlaydi va yo‘q qiladi. Iste’molchidan kelib tushgan shikoyatlar asosida aniqlangan, dori vositalarining nojo‘ya ta’siri va samaradorligi past holatlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligini xabardor qiladi.

Ambulatoriya sharoitida davolashda imtiyozli beriladigan dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan, ijtimoiy dorixonada amalda mavjud bo‘lgan va vaqtincha mavjud bo‘lmagan dori vositalari haqida shahar va tuman tibbiyot birlashmalariga har chorakda ma’lumot taqdim etadi.

Aholiga dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlash va qo‘llash bo‘yicha maslahat beradi.

Aholiga dori vositalari va tibbiy buyumlarning mavjudligi to‘g‘risida axborot berish imkonini ta’minlovchi, dori vositalari va tibbiy buyumlarning ijtimoiy dorixonalar tarmog‘i bo‘yicha harakatlanishining elektron shakldagi hisob-kitobini yuritadi.

Tegishli litsenziyasi mavjud bo‘lganda, shifokor retsepti asosida dori vositalarini tayyorlaydi va ichki sifat nazoratini o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.

"Dori-Darmon" AK matbuot xizmati.