Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga kompensatsiya beriladi

“Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qaror bilan “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari va oilaviy bolalar uylarida tarbiyalangan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga doir quyidagi vaqtinchalik tartiblar tasdiqlandi:

➖ ushbu yoshlarga avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kurslarida o‘qish xarajatlarini kompensatsiya qilishi bo‘yicha – BHMning 4 baravarigacha kompensatsiya beriladi;

➖ safarbarlik chaqiruvchi rezervidagi xizmatni o‘tash badalini qoplash bo‘yicha.

Shuningdek, xususiy tashkilotlarga ishga qabul qilingan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni kasbga qayta tayyorlash kurslarida o‘qitish xarajatlarini kompensatsiya qilish bo‘yicha vaqtinchalik tartib tasdiqlandi.

Bunda mazkur xarajatlarning 50 foizi kompensatsiya qilinishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, qaror bilan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatlarining bir qismini hamda ular bo‘yicha milliy sertifikatlar olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplab berish tartibi belgilandi.