Ijtimoiy tarmoqlar cheklanishi mojarosi: yana ikki nafar mansabdor ishdan olingani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda bosh vazir maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sadikov egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgani haqida xabar tarqaldi.
Jumladan, Nigoh kanali mazkur xabarni e’lon qilib, bu internet-platformalar faoliyatini cheklash bilan bog‘liq kechagi voqea ortidan bo‘layotganini yozgan.
"Ko‘rilayotgan choralarning keskinligi shuni ko‘rsatmoqdaki, Prezident tartib va intizomni buzgan, mas’uliyatsizlik va o‘zboshimchalik bilan harakat qilgan har qanday amaldorni lavozimida ortiqcha ushlab o‘tirmaydi", deyiladi xabarda.
Kecha, 3 noyabr kuni internet cheklovlari mojarosi jarayonida mazkur tarmoq o‘z manbalariga tayanib cheklovlar haqida Prezident adminstratsiyasiga xabar berilmaganini e’lon qilgandi.
Keyinroq esa bir qator ijtimoiy tarmoqlar cheklanishi «Hukumat ko‘rsatmasiga asosan «O‘zkomnazorat» tomonidan bir yoqlama, uzoqni o‘ylamay qilingan harakat» ekani e’lon qilindi va «O‘zkomnazorat» rahbari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.