Ikkinchi jahon urushi: 26,6 million kishining yostig‘ini quritgan front
Urush — qanday tuzum va kim tomonidan boshlanishidan, u "xalqlarni qutqarish", "birlashish" va yo "maxsus operatsiya" deb atalishidan qat’iy nazar uning nomi urush va oxir-oqibat odamlar qoni to‘kiladigan fojia.
Shu sabab 81 yil oldin boshlangan Ikkinchi jahon urushining yangi fronti haqida eslab o‘tmoqchimiz.
1941 yil mana shu kun, 22 iyunda Ikkinchi jahon urushi(1939-1945)ning kutilmagan yangi fronti ochilgan edi.
Shu kuni tongda Germaniya sobiq ittifoq hududiga hujum qilgan. Nemis samolyotlari dastlab davlat chegarasidan 250-300 kilometr ichkariga kirgan holda aerodrom, temir yo‘l uzellari, harbiy-dengiz bazalari, doimiy qo‘shinlar joylashuvi va ko‘plab shaharlarga zarba bergan.
Bu vaqtga kelib Germaniya ko‘plab Yevropa davlatlarini bo‘ysundirib olgan bo‘lib, yana bir ulkan hududni egallash uchun juda katta kuchni tashlagan edi. Ikkinchi tomondan, yangi front Germaniya kuchlarining bo‘linishi va oxir-oqibat zaiflashishiga ham asosiy sabab bo‘lishi keyinchalik oydinlashadi.
Urushda sobiq SSSRdagi umumiy yo‘qotish 26,6 million kishini tashkil etgan. Ulardan 8,7 millionga yaqini jang maydonlarida halok bo‘lgan, 7,42 million kishi fashistlar tomonidan bosib olingan hududlarda vafot etgan, 4,1 milliondan ortig‘i esa asirlikda vafot etgani aytiladi.
O‘zbekistondan frontga 1 million 951 mingga yaqin kishi safarbar etilgan. Ularning 538 mingdan ortig‘i urush qurboni bo‘lgan. Bundan tashqari, 158 ming nafardan ortiq yurtdoshimiz bedarak yo‘qolgan. O‘zbekistonlik urush qatnashchilarining 338 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni, 53 nafar askar har uch darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan.
1418 kecha-kunduz davom etgan og‘ir urush 1945 yil 9 mayda Germaniyaning to‘liq mag‘lubiyati bilan yakunlangan.
G.Xoldorova tayyorladi.