Ikkita velosipedni o‘g‘irlagan 28 yoshli yigit ushlandi
2020 yil 25 avgust kuni M. ismli shaxs Samarqand shahridagi 5-sonli ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, 2020 yil 13 avgust kuni Samarqand shahar Abu Bakr Roziy ko‘chasidagi uylarning birini oldidan o‘ziga tegishli bo‘lgan ikki dona velosipedni noma’lum shaxs o‘g‘irlab ketganligini ma’lum qilib, ushbu shaxsni topib, unga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.
Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-surishtiruv harakatlari natijasida mazkur o‘g‘irlikni Samarqand shahar Kimyogarlar shaharchasida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan K. ismli yigit sodir etganligi aniqlandi. Undan 2 ta velosiped tegishli tartibda ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.