Inson qayerda va qachon erkin bo‘ladi?

Bir gapni aytib charchamayman: “Yangi O‘zbekiston ota-bobolar chirog‘i yoniq xonadonga o‘xshaydi. Inson qayerda va qachon o‘zini erkin his etadi? Faqat uning huquqlari o‘z konstitutsiyasi bilan qamrab olingan, orzulari ushalishga ishonch yaratgan va ona bag‘ri kabi huzurbaxsh bo‘lgan qadrdon Vatanida, albatta”.
Gap shu haqda borar ekan, keyingi 4 yilda yuzaga kelgan juda ko‘p o‘zgarishlarni e’tirof etish mumkin. Xususan, Prezidentimiz joriy yil 22 iyunda "Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.
2020 yilning 24 yanvari. Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga murojat qildi. Unda uzoq muddatlar, 1995 yilgacha O‘zbekistonga kelib, yashab, ona zaminning musaffo havosidan bahramand bo‘layotgan odamlarga fuqarolik beriladi, degan bag‘rikenglik tamoyillariga mos taklifni ilgari surdi. Bu inson huquqlarining eng muhim sharti bo‘lgan shaxsning fuqaroligini tiklash masalasi edi.
Tasavvur qiling, shu o‘lkada yashaysiz. Turmush o‘rtog‘ingiz qo‘shni davlatdan. Bolalar katta bo‘lyapti. Nima qilmoq kerak? Oilada tushunmovchiliklar... “Quda-anda bo‘lishi ham qiyin endi” deyishadi shu muammo girdobida qolganlar. Shu tariqa, Prezidentimizning o‘tgan galgi Murojaatnomasi ijobati o‘laroq, 50 mingdan ziyod kishiga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi. Endi ular bu g‘amxo‘rlikni mo‘’jizaviy voqea sifatida qabul qilmoqda. Quvonch ko‘z yoshlari hammani to‘lqinlantirib yubormoqda.
Bu galgi Murojaatnomada Shavkat Mirziyoyev endi 2005 yilgacha O‘zbekistonda doimiy yashab kelayotganlar (ular soni 20 ming nafar) ga xuddi shunday maqom berilishini e’lon qildi. Bu chin ma’nodagi insoniylik namunasi emasmi?
Yoki Suriyadagi jahannamlar maydonida sarson-sargardon yurgan o‘nlab xotin-qiz va bolalarning yurtimizga qaytarilishini eslang... Bu davlat rahbarining bag‘rikenglik siyosati, inson qadr-qimmatiga bo‘lgan mehri natijasi emasmi? Bu – barcha o‘zbeklarning konstitutsiyaviy huquqlari ta’minlanishi emasmi?
Bu galgi Murojaaatnomada davlatimiz rahbari yaqinda yana 86 nafar fuqaro (xotin-qiz va bolalar)ni Suriyadan qaytarilganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidenti har bir millatimiz vakiliga xuddi shunday, eng yuksak ehtirom ko‘rsatayotgani hammamizni bir maqsad - yurt ravnaqi yo‘lida birlashtirishi ahamiyatli ekanini unutmaylik!
Navro‘z RIZAYeV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.