“Ipak yo‘li”ning “aqlli kampus”i

Nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham o‘z munosib o‘rnini topib borayotgan Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti talabalari bugungi sabog‘ini yangicha ko‘rinishga ega – “aqlli kampus”, ya’ni “aqlli bino”da boshladi.

Mazkur bino dunyoning eng nufuzli universitetlari standartlari asosida jihozlangani uchun ham “aqlli”. Darslar faqat ingliz tilida olib boriladigan oliy o‘quv yurtida yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar talabalarni o‘qishga, o‘z ustida ishlashga, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishiga xizmat qiladi.

“Kampus”ga kiraverishda sizni zamonaviy, “aqlli turniket”lar qarshi oladi. U yuzingizdan kim ekanligingizni aniqlaydi, shu yerda faoliyat yuritadigan xodim yoki talaba bo‘lsangizgina kirishga ruxsat beradi. O‘qish, o‘qitish, tadbirlar o‘tkazish, dam olish, ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanish uchun barcha imkoniyatlar majmuaning o‘zida mujassam. 

Yurtimizning turizm sohasidagi imkoniyatlari va boy tarixini namoyish etish uchun o‘z sohasining professionallariga talab oshib borayotgan bir paytda mazkur universitetda sayyohlik sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanishiga ishonchimiz komil.