Misr elchisi talabalarga ma’ruza o‘qidi

Misr Arab Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Amira Faxmi xonim Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti faoliyati bilan tanishdi.

Universitetda yo‘lga qo‘yilgan elchilar, xorijiy delegatsiyalar, xalqaro tashkilotlar vakillari va boshqalar tomonidan taqdimotlar o‘tkazish loyihasi asosida tashkil etilgan ishchi tashrif doirasida Amira Faxmi xonim O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, turizm va sport vaziri, “Ipak yo‘li” turizmi xalqaro universiteti rektori Aziz Abduhakimov bilan uchrashdi.

Rektor Amira Faxmi xonimni muassasada yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirib, ta’lim jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tadbir davomida elchi xonim universitet talabalari va professor o‘qituvchilariga Misr turizm salohiyati, ta’lim tizimi va boshqa sohaga oid ma’lumotlar haqida ma’ruza qildi.

– Qadimiy Buyuk ipak yo‘lining asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan Samarqandda bo‘lib turganimdan xursandman, – deydi Amira Faxmi. – O‘zaro hamkorlik aloqalarimiz qadimiy asoslarga ega ekanligi barchaga ma’lum. Al-Farg‘oniyning bizning diyorimizdagi ilmiy-amaliy ishlarini ta’riflashga til ojiz. Shunday ekan, bugun ham o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish har tomonlama muhim hisoblanadi. Mehmonxona menejmenti va turizm sohasida o‘rganish lozim bo‘lgan jihatlarimiz ko‘p. Biz universitetda arab tilini o‘qitish borasida hamkorlikni rivojlantirish niyatidamiz. Shu bois, arab tilidagi adabiyotlar yetkazish borasida takliflarimizni bildirdik. Shuningdek, o‘qituvchi-professorlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham dasturlarimiz bor. O‘ylaymanki, mavjud loyihalarimizni samarali amalga oshirsak, o‘zaro hamkorligimiz yanada rivojlanadi.

Universitet talablari bilan bo‘lgan muloqot davomida talabalar Misr turizmi, kadrlar tayyorlash tizimi haqidagi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.