Suvda surat chizish — art terapiyaning o‘ziga xos turi
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Ebru – suvda surat chizish san’ati bo‘yicha mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Samarqanddagi Turkiya Bosh konsulligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mahorat mashg‘ulotlarida ebru san’atining taniqli vakili, Turkiyaning “Me’mor Sinan” nomidagi tasviriy san’at universiteti an’anaviy turk san’ati kafedrasi o‘qituvchisi Hikmet Barutchugil ishtirok etishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq, Buxoroda o‘tkazilgan “Ipak va ziravorlar” xalqaro festivalida ishtirok etgan Hikmet Barutchugil sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar sabab yurtiga qaytishga majbur bo‘ldi. Samarqandda o‘tkazilishi belgilangan mahorat mashg‘ulotlarini uning shogirdi, qirg‘izistonlik Alisher Imomov olib bordi.
– Ebru san’ati o‘ziga xosligi bilan kishi e’tiborini tortadi, – deydi Alisher Imomov. – Eng muhimi, u bilan shug‘ullangan kishi har qanday ruhiy bosimlarni unutadi. Shu bois, unga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Ustozim Hikmet Barutchugil 50 yildan ortiq vaqt mobaynida ushbu san’at bilan shug‘ullanib keladi. Uning ta’kidlashicha, bu san’atda hech bir ishni,ya’ni suratni qayta takrorlab bo‘lmaydi. Har bir surat o‘ziga xos, individualligi bilan e’tiborga molik. O‘tkazayotgan mahorat mashg‘ulotlarimizdan maqsad nima, degan haqli savol tug‘iladi, albatta. Men ham ustozdan safar oldidan so‘rgan narsam shu bo‘ldi. U kishining javobi meni hayratlantirdi. Aslida ebru san’ati qadimda Buxoroda paydo bo‘lgan. Buxorolik savdogarning Istanbulga safari chog‘ida bir karvonsaroyda suvda surat chizayotganligini ko‘rib qolgan mahalliy aholida bunga qiziqish paydo bo‘ladi. Va shu tariqa Turkiyada bu san’at paydo bo‘ladi. Uzoq yillar aholi o‘rtasida ommalashgan san’at bir muddat unutilgan. Ammo o‘tgan asrning 70-yillaridan yana qayta tiklanadi. Mening ustozim ham ushbu davrdan boshlab mazkur san’at bilan shug‘ullanib keladi. U kishining maqsadi ebru san’atini tarixiy vatanida qayta tiklashdan iborat. O‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarimiz davomida o‘zbekistonliklarga imkon qadar bu san’at haqida batafsil tushuncha berib, unning davomiyligiga erishishga harakat qilayapmiz. Mahorat mashg‘ulotlarimizda ishtirok etgan talabalar, o‘qituvchilar uning art terepiya bo‘yicha foydali ekanligini ta’kidlashdi. O‘ylaymanki, ushbu san’a yo‘nalishi ham o‘z vatanida qayta shuhrat qozonadi.
Qayd etish joizki, ushbu san’atda barcha bo‘yoqlar tabiiyligi bilan alohida ahamiyatga ega. Ishlatiladigan asboblar ham oddiy. Ebru san’ati namunalari BMTning madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan. Uning taraqqiyoti uchun hamma sharoit yetarli, faqatgina ishtiyoq bo‘lsa kifoya.
Hikmet Barutchugil shogirdlari ishtirokidagi mahorat mashg‘ulotlari Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti hamda “SOS” bolalar mahallasida ham o‘tkazildi.
A.ISROILOV.