Endi turizm xalqaro universiteti talabalari uch yil ta’lim oladi

Bu haqda Turizmni rivojlantirish instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Azamat Akbarov jurnalist va blogerlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lumot berdi. 

Ta’kidlanganishicha, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti jamoasi yangi 2021 yilni ulkan marralarni ko‘zlagan holda yangi rejalar bilan qarshi olmoqda. Mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari orasida ilk bor mazkur universitetda xalqaro hamkorlik jarayonini tezlashtirish hamda talabalarga e’tiborni yanada kuchaytirish maqsadida 2021 yil yanvar oyidan boshlab “part-time on-campus job” xizmati, ya’ni kampusda talabalarga xizmat ko‘rsatadigan ob’yektlarda ishlash imkoniyati yaratiladi. Bu dual ta’lim tizimida faoliyat olib boradigan ushbu oliy o‘quv yurti talabalari olgan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda yanada boyitishga xizmat qiladi.

- 2021-2022 o‘quv yilidan bu oliy ta’lim muassasalari talabalari bakalavriat yo‘nalishida 3 yil ta’lim oladi, - deydi Azamat Akbarov. - Ular qo‘shma dastur asosida 1+1+1 ta’lim tizimiga muvofiq bir yil davomida shu yerda ta’lim olib, ikkinchi o‘quv yilida xorijda o‘qish va ishlash imkoniga ega bo‘ladi. Uchinchi bosqichda esa yana universitetimizga qaytib kelib, ta’lim oladi va xorijda orttirgan tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. Shuningdek, magistratura yo‘nalishidagi ta’lim jarayoni esa ikki yildan bir yilga qisqartiriladi.

2021 yil yanvar oyidan boshlab universitetda ovoz yozish studiyasi ishga tushirilib, “Silk Road”, ya’ni “Ipak yo‘li” radiosi o‘z faoliyatini boshlaydi. Kelgusida bu yerda jurnalistika yo‘nalishi ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.

To‘lqin SIDDIQOV.