O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining II forumi tashkil etildi
Bugun Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida O‘zbekiston-Qirg‘iziston rektorlarining II forumi o‘z ishini boshladi.
Anjuman “Zamonaviy bosqichda O‘zbekiston va Qirg‘izistonda oliy ta’lim va fanni rivojlantirish xususiyatlari” mavzusida tashkil etildi. Unda Qirg‘iziston Respublikasi ta’lim va fan vaziri Dogdurkul Kendirbayeva boshchiligida tashrif buyurgan 30 ga yaqin oliy ta’lim muassasasi rektorlaridan iborat delegatsiya va O‘zbekiston tomonidan 30 dan ortiq oliygoh rahbarlari, vazirlik va idoralar mas’ullari qatnashdi.
Forumda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, o‘zaro o‘quv jarayonlarini tashkil qilish, ta’lim sifatini oshirish, stajirovka o‘tash, malaka oshirish va ilmiy faoliyatdagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, turizm, geologiya, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, raqamlashtirish va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbirni oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘iratboy Sharipov hamda Qirg‘iziston ta’lim va fan vaziri Kendirbayeva Dogdurkul ochib berdi.
– Bugungi kabi qo‘shma konferensiya, seminar va forumlarning o‘tkazilishi ilg‘or tajriba almashish, universitetlarimiz o‘rtasidagi do‘stona va kasbiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Keyingi o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlari qo‘shma ta’lim dasturlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar bo‘lishi mumkin.
Bularning barchasi mamlakatlarimizga zamonaviy jamiyat oldida turgan murakkab vazifalarni birgalikda hal etish va barqaror rivojlanishni ta’minlash imkonini beradi, – dedi vazir Q.Sharipov.
Qirg‘iziston ta’lim va fan vaziri Dogdurkul Kendirbayeva birgalikdagi sa’y-harakatlar oliy ta’lim va ilm-fan sohasida yangi yutuq va muvaffaqiyatlarga olib kelishiga ishonch bildirdi.
– Bugun dunyoda dolzarb bo‘lib turgan oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslarini boshqarish kabi masalalarni forum ishida muhokama qilish joiz deb bilaman. Biz birgalikda ta’lim, ilm-fan, turizm kabi sohalarni rivojlanitirishimiz lozim. Universitetlarimiz o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishimiz, bu borada yo‘l xaritasi ishlab chiqishimiz kerak – dedi u.
Shundan so‘ng ikki mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildi. Ma’ruzalarda bugun eng asosiy maqsad yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimining barqaror rivojlanishiga erishish ekani, buning uchun esa, eng avvalo, mehnat bozorida eng ko‘p talab qilinadigan yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlashda universitetlarning o‘zaro aloqalarini yanada kengaytirish lozimligi qayd etildi. Bunda, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida oliy ta’lim sifatini oshirish, muntazam o‘quv dasturlarini takomillashtirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etib borish muhimligi ta’kidlandi. Akademik mobillik, qo‘shma ilmiy va innovatsion tadqiqotlar hamda loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirishni kengaytirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Forum o‘z ishini shu’ba yig‘ilishlarida davom ettirib, muzokaralarda “Ta’limni boshqarish sifatini oshirish”, “Tibbiy ta’lim sohadagi yangi texnologiyalar”, “Raqamlashtirish va sun’iy intellekt: oliy ta’limni ishlab chiqarish transformatsiyasi” mavzularidagi dolzarb masalalar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
Konferensiya doirasida professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, o‘zaro o‘quv jarayonlarini tashkil qilish, ta’lim sifatini oshirish, stajirovka o‘tash, malaka oshirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlarida o‘zaro aloqalarni kengaytirish yuzasidan qator anglashuv memorandumi, bitim va yo‘l xaritalari imzolandi.
- Universitetimiz forum doirasida Qirg‘iziston davlat universiteti, Issiq-ko‘l davlat universiteti, O‘sh davlat universiteti bilan fan va ta’lim sohasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi tuzdi, - dedi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori Dilmurod Nasimov. – Ushbu hamkorlik bitimi nafaqat kelajakda oliy ta’lim muassasalarining rivojiga hissa qo‘shadi, balki qo‘shni davlatlarning o‘zaro do‘stona aloqalarini mustahkamlaydi.
Ta’kidlash joizki, amalga oshirilayotgan izchil maqsadli chora-tadbirlar natijasida nisbatan qisqa vaqt ichida muayyan muvaffaqiyatlarga erishildi. Xususan, 2016 yilda mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari soni 72 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 210 taga yetdi. Ularning 67 tasi nodavlat universitet, 29 tasi xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallaridir. Buning yordamida mamlakatda oliy ma’lumot olish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirish mumkin bo‘ldi.
2023-2024 o‘quv yilida yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga jami qabul qilinishi 2016 yildagi 9 foizga nisbatan 42 foizni tashkil etdi. Oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari tarkibi yaxshilandi. Xususan, ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyati 2016 yilda bu ko‘rsatkich 31 foizdan sezilarli darajada oshib, 41 foizga yetdi.
Hozirda Qirg‘iziston universitetlari bilan 120 ga yaqin shartnoma va memorandumlar mavjud. Ular ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va mutaxassislarining turli ilmiy anjuman, seminar hamda uchrashuvlarda, shuningdek, Yevropa ta’lim loyihalarida birgalikda ishtirok etishi, ilmiy maqolalar chop etishni o‘z ichiga oladi.
Bir-biri bilan faol hamkorlik qilayotgan oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekiston milliy universiteti, Farg‘ona va Andijon davlat universitetlari, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Namangan qurilish instituti, Qirg‘iziston tomonidan O‘sh davlat universiteti, Qirg‘iz-O‘zbek universiteti, Talas davlat universiteti, Qirg‘iziston davlat texnika universiteti va Botkent davlat universitetlarini misol keltirish mumkin.
O‘qituvchilar almashinuvi dasturi doirasida Qirg‘iziston oliy o‘quv yurtlaridan 100 ga yaqin mutaxassis O‘zbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Andijon mashinasozlik instituti, Urganch davlat universiteti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Navoiy kon-texnologiya universitetlarida faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunda xorijlik abituriyentlarni, shu jumladan qo‘shni Qirg‘iziston fuqarolarini o‘qishga qabul qilish va o‘qitish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida respublika oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilish ularning kasbiy qiziqishlari va shaxsiy motivatsiyasini aniqlash maqsadida faqat suhbat orqali amalga oshirilmoqda.
Forumning birinchi kuni yakuniga yetdi. Ertaga Qirg‘iziston ta’lim va fan vaziri Dogdurkul Kendirbayeva boshchiligidagi delegatsiya Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti faoliyati bilan tanishadi.
Xurshida ERNAZAROVA.