Turizm universiteti test sinovlarini DTM o‘tkazmayapti

Ha, shunday. Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari “Examus” onlayn proktoring tizimi orqali o‘tkazilmoqda.

“Examus” onlayn proktoring tizimi sun’iy intellektga asoslangan bo‘lib, imtihon vaqtida taqiqlangan harakatlar aniqlanadigan monitoring tizimi hisoblanadi. Bunda kuzatuv uchta manba asosida – audio, video va ish stoli ekranini yozib olish hisobiga amalga oshiriladi.

Universitet qabul komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil universitetda o‘qish istagida bo‘lgan 1 ming nafardan ortiq abituriyent ariza topshirgan. Ular universitetning 6 ta yo‘nalishi hamda Rossiya va Makedoniya oliy ta’lim muassasalari bilan amalga oshirilayotgan 4 ta qo‘shma ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi.

Belgilangan tartib asosida bir navbatda 50 nafar, bir kunda 250 nafar abituriyent test sinovlarini topshirmoqda.

– Universitetimizda xalqaro tajribaga asoslangan holda qabul jarayonlari mustaqil tashkil etildi, – deydi universitet qabul komissiyasi mas’ul kotibi Feruz Nurov. – Bakalavriat bosqichiga o‘qishga kirish uchun test sinovlari xorijlik mutaxassislar ishtirokida qat’iy belgilangan tartibda o‘tkazilyapti. “Examus” onlayn proktoring tizimi bizgacha AQSh, Yevropa davlatlari, Rossiya va Qozog‘istonning yetakchi universitetlarida qo‘llanilib, o‘z samarasini bergan. Shu bois, mazkur tizimdan foydalanib, kirish imtihonlarini shaffof, ochiq va odilona o‘tishini ta’minlashga harakat qilamiz. Eng muhimi, abituriyent imtihon topshirib bo‘lgan zahoti to‘plagan ballini bilib chiqadi. O‘qishga qabul qilinganlar to‘g‘risidagi ma’lumot esa test sinovlari yakunlangach e’lon qilinadi.

Ta’kidlash kerakki, universitetdagi test sinovlari faqatgina respublikamiz fuqarolari uchun. Ular tarix va geografiya fanidan ingliz tilida hamda o‘zbek tilida davlat tili bo‘yicha test sinovlarini topshirmoqda. Xorijlik abituriyentlar belgilangan tartibda onlayn imtihon topshiradi.