Imkoniyati cheklangan, ammo iqtidori cheklanmagan o‘quvchilar foydali ish bilan mashg‘ul
Imkoniyati cheklangan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish va iste’dodli sportchi-yoshlarni saralash maqsadida Samarqand shahridagi 59-son “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi o‘quvchilari o‘rtasida sportning futbol, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, viloyat IIB, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi jamoat fondi va O‘zbekiston NNT milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi hamkoriligida tashkil etilgan musobaqalar ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Bellashuvlar yakunida g‘oliblar va musobaqa ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari, sport anjomlari hamda kitoblar jamlanmasi topshirildi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zosi, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi raisi F.Toshev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari U.O‘tayev ishtirok etdi.
Tadbir doirasida “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi faoliyati bilan ham tanishildi.
- Muassasamizda 247 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda, - deydi 59-son ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internati direktori Abduhalim Meliyev. – O‘quvchilarning bilim, kasb-hunar o‘rganishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, 250 o‘rinli yotoqxona, shuncha o‘rinli oshxona, 15 ming kitob fondiga ega kutubxona, faollar zali hamda sportning futbol, shaxmat-shashka, dzyudo, mohir qo‘llar (qizlar va o‘g‘il bolalar uchun), to‘garaklari faoliyat ko‘rsatmoqda.
2022-2023 yillarda xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant loyihalar tanlovida muassasa “Zukko kitobxon” va “Sog‘lom tanda sog‘ aql” grant loyihalari uchun 50 va 70 million so‘m yutib olgan va ushbu mablag‘lardan maqsadli foydalanib kelinmoqda.
Xususan, o‘quvchilar ushbu mablag‘larga xarid qilingan brayl alifbosida chop etadigan printerlar orqali o‘zlari istagan adabiyot va qo‘llanmalarni o‘qishi, ovoz yozish studiyasida lotin alifbosidagi kitoblarni audio shaklida eshitishi hamda poyabzal ishlab chiqarish ustaxonasida kasb ham o‘rganishi mumkin.
Fazliddin Ro‘ziboyev.