Ish beruvchi bilan rahbarning farqi nimada?
Mehnat Kodeksining 15-moddasiga ko‘ra quyidagilar ish beruvchilar bo‘lishi mumkin:
1) korxonalar, shu jumladan, ularning alohida tarkibiy bo‘linmalari o‘z rahbarlari timsolida;
2) mulkdorning o‘zi rahbar bo‘lgan xususiy korxonalar;
3) o‘n sakkiz yoshga to‘lgan ayrim shaxslar;
4) belgilangan tartibda xodimlar yollaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar.
Korxonalar, shu jumladan, ularning alohida tarkibiy bo‘linmalari o‘z rahbarlari timsolida xodimni ishga oladi va mehnat shartnomasi imzolaydi. Demak, xodim rahbar bo‘lib turgan Falonchiyev bilan emas, korxona bilan mehnat shartnomasi tuzadi. Shuning uchun shartnomani rahbar imzolagani bilan korxona ish beruvchi hisoblanadi.
Shuning uchun rahbar atamasi bilan ish beruvchi atamasini adashtirmaslik kerak. Vaqti kelib rahbar almashganda ham xodim va korxona o‘rtasidagi mehnat shartnomasi o‘z kuchida qoladi. Ushbu moddaning qolgan bandlarida ko‘rsatilgan shaxslar ish beruvchi hisoblanadi va o‘z nomidan shartnoma imzolaydi.
Azizbek VAHOBOV,
Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari.