Samarqandda bo‘sh ish o‘rinlarini yashirgan 135 nafar mansabdor shaxsga 285,4 million so‘m ma’muriy jarima qo‘llanildi

Ish beruvchilarning aholini ish bilan ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishdagi ishtiroki «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi qonunining 18-moddasida belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, qonunchilikka ko‘ra, barcha ish beruvchilar hududiy bandlikka ko‘maklashish markazlariga bo‘sh ish joylari (vakant lavozimlar) mavjudligi hamda mo‘ljallanayotgan xodimlar ishdan ozod etilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak. Ma’lumotlar ish beruvchilarda bo‘sh ish joylari mavjud bo‘lmagan taqdirda ham taqdim etilishi lozim.

Kishilar murojaati hamda olib borilgan tahlillar natijasiga ko‘ra, ish beruvchilar bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim qilmaslik, ko‘p holatlarda taqdim qilinadigan ma’lumotlarda mavjud bo‘sh o‘rinlarni ko‘rsatmasligi hamda asosiy, ish haqi yuqori bo‘lgan lavozimlar ko‘rsatilmasdan, xizmatchi lavozimlarni ko‘rsatish bilan chegaralanib, ba’zi ish o‘rinlarini yashirish holatlari uchramoqda.

2020 yil mobaynida davlat mehnat huquq inspektorlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmagan va bo‘sh ish o‘rinlarini yashirgan 135 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 285,44 million so‘m ma’muriy jarima qo‘llanilib, undirilgan.

Bo‘sh ish joylarining mavjudligi to‘g‘risidagi axborotni yashirganligi, shuningdek, bo‘shatilishi mo‘ljallanayotgan xodimlar to‘g‘risidagi axborotlarni mehnat organiga o‘z vaqtida taqdim etmaganligi uchun ish beruvchiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 229-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solinishi nazarda tutilgan. Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Sh.Xoliqulov,

Samarqand viloyat bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari.