“Karera kuni”: talabalarga 1600 ga yaqin ish o‘rni taklif etildi

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida bitiruvchilarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha bandligini ta’minlash masalasida ochiq muloqot hamda “Karera kuni” bo‘lib o‘tdi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyat filiali, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida korxona va tashkilotlar vakillari bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.

Universitetda ayni vaqtda 6044 nafar bakalavriat va 108 nafar magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha jami 6156 nafar talaba tahsil olmoqda.

O‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, 658 nafar talaba ishlash istagini bildirgan. Joriy o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1448 nafar, magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 100 nafar talaba bitirmoqda. Hozirgi kunda universitet talabalarining qariyb 60 foizining bandligi ta’minlangan. Shu jumladan, ichki imkoniyatdan kelib chiqib, 201 nafar talaba vakant lavozimlarga ishga joylashtirildi.

Universitet rektori, professor Xudoynazar Yunusov tadbirda talabalarni malakaviy amaliyotlari barqaror faoliyat ko‘rsatayotgan yirik korxona, tashkilot, klasterlarda, 2022 yildan boshlab xorij davlatlarining ilg‘or kompaniyalarida o‘tashni tashkil etish yo‘lga qo‘yilganligini, bugungi tadbir bitiruvchi talabalar o‘zlarini istagan kasb va hayot yo‘lini tanlashida muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.

“Karera kuni”da ish beruvchilar tomonidan talabalarga o‘zlarida yaratilgan sharoitlar, ishlash uchun talab qilinadigan malaka va ko‘nikmalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Buning natijasida 380 nafar talaba ishga joylashish uchun yo‘llanma oldi. Ulardan 201 nafari shartnoma imzoladi.

Qayd etish joizki, universitet tomonidan 60 dan ortiq yirik kompaniya, klaster va boshqa korxonalar bilan hamkorlik o‘rnatilib, yil yakuniga qadar 1500 nafar talabaning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.