Yosh olimlar, magistr va iqtidorli talabalarning ilmiy faoliyatini oshirishda ularga qaratilgan kreativ g‘oyalar, yechim va takliflar

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti biotexnologiya fakultetida shu mavzudagi ko‘p tarmoqli respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi vakillari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, magistrantlar hamda iqtidorli talabalar ishtirok etdi. Konferensiya ilm-fanning turli yo‘nalishlarini birlashtirgan, yoshlar salohiyatini ochib berishga qaratilgan yirik maydon bo‘ldi.

Tadbirda dastlab universitet rektori, professor X.Yunusov mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, xususan, ularning ilm-fan sohasida erkin izlanishi, innovatsion g‘oyalarini amalga oshirishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida gapirdi.

- Yoshlarning har bir ilg‘or g‘oyasi - bizning ertangi kunimizning asosi. Biz ularga faqat bilim emas, ishonch va imkon ham berishimiz zarur, - deya ta’kidladi rektor.

Shundan so‘ng yosh izlanuvchilar tomonidan qator dolzarb mavzular yoritilgan ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi. Ular orasida veterinariya-sanitariya nazorati, genetik seleksiya, ekologik xavfsizlik, oziq-ovqat biotexnologiyasi, mikrobial tahlillar, hayvonlar salomatligini saqlashda zamonaviy usullar, sun’iy intellekt asosidagi diagnostika tizimlari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha taklif va g‘oyalar ilgari surildi.

Qizg‘in muhokamalar, fikrlar almashinuvi, savol-javoblar ilmiy-tadqiqot faoliyatining faqat nazariy emas, balki amaliy natijadorlikka yo‘naltirilganini namoyon etdi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar, yangi ilmiy ishlanmalar yuzasidan aniq xulosalar chiqarildi. Eng asosiysi, konferensiya yoshlarni yanada faol izlanishga, ilmiy tafakkurni chuqurlashtirishga, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishga undaydigan samimiy va ilhomlantiruvchi muhitni yaratdi.

Aktam Nurniyozov,

universitetning biotexnologiya fakulteti dekani, dotsent.