Yangi loyiha: Innovatsion ilmiy inkubator. Uning samaradorligi nimada?
2022 yilning sentyabr oyida universitetimizda o‘ta zamonaviy va katta imkoniyatlarga ega bo‘lgan 9 ta laboratoriya ishga tushdi. Shunda oldimizda bir savol ko‘ndalang bo‘ldi: “Bizda ulardan foydalanishni biladigan mutaxassislar yetarlimi yo u mehmonlarga namoyish etiladigan muzey eksponati sifatida saqlanadimi? Kimda bu laboratoriyalarni ishlatadigan kompitensiya, kvalifikatsiya bor”.
Yaxshiyam avvalroq laborantlar, doktorantlar, assistentlarni xorijiy, nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qitishni, amaliyot o‘tashni yo‘lga qo‘ygan ekanmiz. Rejaga asosan, zamonaviy Vivariy (Hayvonlar klinikasi) faoliyatini ham boshlagandik. Vivariy va mazkur laboratoriyalardan foydalangan holda “Ilmiy innovatsion markaz” faoliyati yo‘lga qo‘ydik. Bugun uning imkoniyatlaridan to‘liq foydalana boshlaganimiz bois bu loyihani ochiq aytish imkoni, ommaga oshkor etish fikri paydo bo‘ldi.
Loyiha mazmuni shundan iborat: Oliy Attestatsiya Komissiyasi (OAK)ning barcha talablariga javob beradigan eng kamida 25 nafar mustaqil izlanuvchilar, yosh tadqiqotchilar va 5 nafardan kam bo‘lmagan PhD fan nomzodlari suhbat orqali qabul qilinib, mazkur loyihaga jalb etiladi.
Laboratoriya vivariyimizga qishloq xo‘jaligi hayvonlarining ehtiyojimizga mos har xil turlari (qoramol, ot, qo‘y-echki, parranda turlari - o‘rdak, g‘oz, kurka, quyon, baliqchilik, asalarichilik, 10 dan ortiq turdagi hayvonlar)ni olib keldik. Har bir tur hayvonlar bilan ishlash uchun ikki nafardan mutaxassisni jalb etamiz. Misol uchun, parranda uchun 2 ta mutaxassis-veterinar (yuqumli va yuqumsiz kasalliklari bo‘yicha), 2 ta zootexnik-texnologiyasi bo‘yicha (oziqlantirish), bitta biotexnolog-mutaxassis (oziqlantirayotganda, parvarishlayotganda qanday biotexnologik usullarni qo‘llasak, mahsuldorlik oshishi uchun) tadqiqot olib boradi. Demak, 1 tur hayvon bir siklda 5 ta mutaxassis-tadqiqotchi izlanish olib boradi.
Mutaxassislar faoliyati qanday tashkil etiladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Biz laboratoriyadagi har bir kerakli joyga (hayvonlar saqlanadigan volerlarga) zamonaviy kameralar o‘rnatyapmiz. Bir hayvon bir kalendar yilida - 365 kun, 24 soat kuzatuvda bo‘ladi. Kasallanish qanday boshlanyapti, qanday rivojlanyapti, profilaktikasi, kasallanish va da’volanish jarayonlari, qaysi da’vo usullari samarador? Bularning hammasi qayd qilib boriladi, natija va xulosalar solishtirilib, tahlil qilinadi. Har hafta, har oyda jarayon haqida maxsus ilmiy nashrlarda ilmiy maqolalar chop etiladi. Barcha o‘zgarishlar qayd etib boriladi. Eksperiment jarayoni nihoyasiga yetgach, bir tomondan uni amaliyotga joriy etish yo‘lga qo‘yiladi, moliyalashtiriladi, ikkinchi tomondan ular – mustaqil tadqiqotchilarning dissertatsiya ishlari ham himoya uchun tayyor bo‘lib qoladi.
1,5-2 yillar davomida ishlar ana shunday davom ettiriladi. Buni innovatsion ilmiy inkubator, deyish ham mumkin. Har bir mustaqil izlanuvchi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ish olib borsa, juda qisqa muddatda eng kamida 25 nafar yosh olimni tayyorlaymiz. Har bir izlanuvchi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ishini olib boradi, eksperimentlar o‘tkazadi, jarayonlarning har biridan tahlillar olinib, taqqoslanib, to‘g‘ri tekshirilgan haqqoniy tavsiyanomalar paydo bo‘ladi, bu jarayonda plagiatlik bo‘lmaydi. Ochiq aytadigan bo‘lsak, o‘tgan asrda katta olimlar tomonidan yozilgan ilmiy ishlar sal-pal o‘zgartirilib, yangi dissertatsiya tayyorlashga hojat qolmaydi. Ya’ni, nazariyadan faqat eksperiment o‘tkazish uchun foydalaniladi.
Shu o‘rinda yana bir savol: “Tanlov qanday bo‘ladi? Mustaqil izlanuvchilar qanday tanlab olinadi?”.
Bizda ayni kunda tizim uchun ma’lum talablar mavjud (uni muhokama qilmaymiz, bu talablar barcha uchun majburiy va shart) – talabgor chet tilini V2 darajasida bilishi, OAKning talabiga ko‘ra, himoyaga chiqadigan mustaqil izlanuvchimi, doktorantmi, mutaxassislikdan kandidatlik imtihonini topshirgan bo‘lishi shart. Ulardan talab qiladigan yagona shart – o‘zlari tanlagan yo‘nalish uchun qiziqishining mavjudligi, boshlang‘ich bilimlarga egaligi, mustaqil ish olib bora olish qobiliyatining shakllangani va imkoniyatining borligidir. Loyihaga jalb etiladigan mustaqil izlanuvchilar, albatta, aniq maqsadga ega bo‘lishlari kerak.
Loyiha bo‘yicha ish boshlangan kundan istagan kishi kunning istalgan payti kelib u bilan tanishishi, jarayonlarni kuzatishi mumkin. Bu avvalo, atrofdagi talaba-yoshlarga yaxshi ta’sir ko‘rsatib, motivatsiya beradi, ularni mutaxassislikka yanada qiziqtirishi, ruhlantirishi mumkin. Amaliyot jarayonlarida bu yerda olib borilayotgan tadqiqotlar natijalari bilan albatta, ular ham tanishtirib boriladi. Bu esa o‘z navbatida amaliyotning yanada qiziqarli bo‘lishini ta’minlaydi.
Hisob-kitoblar bo‘yicha, ushbu ilmiy maktab ishi (loyiha ) 2 marta takrorlanadi. Shundan so‘ng u samara berib ishlay boshlaydi. Ayni kunda mamlakatimizda yana bir necha oliy ta’lim muassasalarida veterinariya yo‘nalishlari tashkil etilgan. Ularda mazkur soha uchun mutaxassislar tayyorlaydigan professor-o‘qituvchilarga talab katta. Ilmiy maktabimizdan chiqadigan yosh olimlar mamlakat bo‘ylab barcha OTMlarida faoliyat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi, qolaversa, ular orasida sog‘lom raqobat muhiti shakllanadi. Ushbu ilmiy maktabni o‘tab chiqqan olimlar, ustoz ko‘rgan, tadqiqotlarda toblangan, ilmiy ishning chinakam zahmatini chekib, amaliyotda toblangan, qisqacha aytganda, maktab ko‘rgan olimlar bo‘ladi. Kelajakda o‘zlari ham ana shunday olimlarni tarbiyalaydi, plagiatga yo‘l qo‘ymaydi.
Loyihaning yana bir afzal jihati ham bor. Biz odatda 3 yil doktoranturada o‘qitamiz. Doktorantlar har oyda kamida 5 mln. so‘mdan stipendiya oladi. Bu 3 yilda 180 mln. so‘m degani. (Agar mustaqil tadqiqotchilarimiz soni 25 nafar bo‘lsa) Demak, mazkur loyiha orqali davlat byudjetidan 180 mln. so‘m tejab qolinyapti.
Loyihaning yana bir foydali tomoni – har bir qilingan himoya ostida tijoratlashtirish (uni amaliyotga joriy qilish orqali) moliyalashtirish masalasi ham bor. Loyiha uchun ishlatilgan mablag‘lar oxir-oqibatda o‘zini-o‘zi qoplaydi, qolaversa, universitet byudjetiga foyda keltira boshlaydi.
Shuningdek, loyihaga tanlab olingan mustaqil izlanuvchilar universitetga taalluqli odam bo‘lmasligi ham mumkin. U xo‘jalikda yo ishlab chiqarishda ishlaydimi yoki davlat ishidami, loyihaga jalb qilingan izlanuvchi albatta hudud jihatdan Samarqand viloyatiga taalluqli odam bo‘lishi majburiy talab bo‘ladi. U kunning ma’lum bir paytida kelib, kameradagi yozuvlarni olib, o‘ziga biriktirilgan eksperimentni muntazam kuzatib borishi kerak. Zamonaviy kameralar tadqiqotchilarning smartfonlariga ulanadi. Demak, bitta tur hayvon uchun 5 xil mutaxassis jalb etilib, birgalikda ish olib boriladi.
Jarayon shunday yo‘lga qo‘yilsa, bizdagi mutaxassislarning dong‘i dunyoga taraladi. Asl raqobatbardosh mutaxassislar o‘zimizdan chiqadi.
Ayni kunda mazkur tizimni realizatsiya qilish jarayoni boshlangan. Laboratoriya, vivariy tayyor. Ob’yektlar, hayvonlar bor. Mustaqil izlanuvchilar bilan suhbat, tanlov jarayonlari olib borilmoqda. Har bir tur hayvonlar uchun qilinishi kerak bo‘lgan kunlik ishlar tayyorlab, rejalashtirilib qo‘yilgan.
Tabiiy fanlarda ilhom kelishini kutib o‘tirish yaramaydi. Ish muntazam tashkil etilishi kerak. Har kunlik ish o‘z vaqtida bajarilishi, qayd etib borilishi muhim. Bugungi ishni ertaga qilaman, desak, tajriba – eksperiment ishida xatolik yuzaga keladi. Tabiiy fanlarda birlamchi materiallar, nazariyadan so‘ng, kundalik ishlar har kuni o‘z vaqtida qayd etilib, tahlil va xulosa qilib boriladi.
Umid qilamizki, mazkur jarayonlarda toblanib chiqqan yosh mutaxassislar hayvonga bir qarashdayoq unga nima kerakligini, qayeri bezovta qilayotganini biladi. Hayvonning rangidan, ko‘rinishidan tashxis qo‘yib beradi. Bunday mutaxassislar bizga suv va havodek zarur. Xorijdan falon so‘mga mutaxassis chaqirib yurishga ham hojat qolmaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu yirik loyiha. Mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun foydali va samarali bo‘lishi bilan birga ta’lim sifatining oshishiga, raqobatbardosh kadrlar tayyorlanishiga, ta’limning fan va ishlab chiqarish bilan yanada integratsiyalashuviga olib keladi.
Bu kelajak loyihasidir. Loyihaning samaradorli ekaniga o‘zimizda ishonch bor.
Xudoynazar Yunusov,
SamDVMChBU rektori, biologiya fanlari doktori, professor.
O‘zbekiston Respublikasi xizmat ko‘rsatgan chorvador.