Talabalar amaliyot o‘tash va tajriba almashish uchun Germaniyaga boradi
Germaniyaning “JD East” kompaniyasi qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya va veterinariya meditsinasi yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning nufuzli OTM bilan hamkorlikni amalga oshiradi. Kompaniya mamlakatning yirik korxona va xo‘jaliklariga dunyoning turli mintaqalari va hududlaridan iqtidorli talabalarni saralab, amaliyot va stajirovka o‘tash uchun yuboradi.
Mazkur kompaniya vakili J.Jonibekov hamda Germaniyadagi yana bir yirik bog‘dorchilik xo‘jaligi rahbari - “Shneiders Obsthof” boshqaruvi raisi S.Shnayder Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetiga keldi.
Mehmonlar universitet rektori X.Yunusov hamda oliygoh professor-o‘qituvchilari bilan muloqot qilib, talaba-yoshlarning Germaniyada amaliyot va stajirovka o‘tashining samarasi va buning shartlari haqida gaplashib oldi.
Xorijlik mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yozgi amaliyot, dastlab o‘quv rejasiga ko‘ra, yilning talabalar uchun ta’til davriga to‘g‘ri keladi. Keyinchalik esa tomonlarning roziligi bilan yilning istalgan davriga o‘zgartirilishi mumkin. Yoshlar uchun yaratiladigan shart-sharoitlar, yotoq joy, oziq-ovqat, maosh va ularning salomatligi bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, eng muhimi, nazariy bilimlarning amaliyotda sinab ko‘rilishi muhokama etildi. Germaniya Federativ Respublikasida talabalarning amaliyot o‘tashi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish jarayonida shu kabi muhim jihatlarga e’tibor qaratildi.
Mehmonlar talaba-yoshlar bilan uchrashib, qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya va veterinariya meditsinasi sohalarida dunyoning ilg‘or mamlakatlari safida bo‘lgan Germaniyada amaliyot o‘taydigan o‘zbekistonlik yoshlar qanday imkoniyatlarga ega bo‘lishi haqida ham aytildi. Kompaniya vakili yoshlarga 6 oylik amaliyot hamda bitiruvchilar uchun bir yillik stajirovka taklif etdi.