Samarqandda hayvonlar uchun klinika tashkil etiladi
Ulug‘bek maktabni bitirgach uch bor urinib, o‘zi istagan tibbiyot instituti talabasi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lolmadi. Shunda bir tanishi:
- Kelasi yil “Selxoz”ning veterinariya fakultetiga imtihon topshir, albatta o‘qishga kirasan, - dedi.
- Men qishloqdagi bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatadigan shifokor bo‘lishni orzu qilganman, - dedi bu taklifni qabul qilolmasligini bildirib. – Bir necha yildan beri “medinstitut”ga kirish uchun tayyorlanib, endi mol do‘xtiri bo‘lmaymanku.
- Kechirasanu, xalq orasida naqlga aylangan bir gap bor: “Shifokor insonni davolaydi, veterinar insoniyatni!”
Ulug‘bek bu gapning ma’nosini chuqur anglab yetmadi. Yana o‘zi istaganiga hujjat topshirishga qaror qildi. Lekin uning baxtiga boshqa institut fakultetlarini ham tanlash imkoniyati yaratildi. Ular orasida tanishi taklif qilgan veterinariya fakulteti ham bor edi va imtihon natijalariga ko‘ra unga aynan shu fakultet talabasi bo‘lish nasib qildi.
Oliy ta’lim muassasasida o‘qish davomida o‘zi istamagan holda bo‘lsa-da shu yo‘nalishni tanlagani uchun afsuslanmasligiga amin bo‘ldi. Sababi, bu yerda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, malakali professor-o‘qituvchilarning ko‘ngildagidek ta’lim berish jarayonlari, xorijiy davlatlarda malaka oshirib kelish imkoniyatlari mavjudligi edi. Bu ta’lim muassasasida zarur bilimni egallab, bemor insonlarning dardiga shifo topishdan ham ko‘ra xayrli, ya’ni hayvonlarni davolab, odamlarda uchraydigan turli kasalliklarning oldini olishga munosib hissasini qo‘shishga ahd qildi.
Bir paytlar Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti bo‘lgan oliy ta’lim muassasasi veterinariya meditsinasi institutiga aylantirildi. Yaqinda esa bu muassasa Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti bo‘ldi.
Mazkur universitetda o‘tkazilgan press-tur davomida jurnalistlar va blogerlar bu yerda ta’lim jarayoni uchun yaratilgan sharoitlar, yangi tashkil etilgan laboratoriyalar, muzeylar faoliyati bilan tanishdi.
Institut universitetga aylantirilgandan so‘ng amalga oshirilgan ishlar, yangiliklar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
- Bir paytlar bu ta’lim muassasasining mavqei haminqadar bo‘lgan, - deydi universitet rektori, professor X.Yunusov. – Ammo bugun boshqacha. O‘sha “bir paytlar”da o‘zi istamagan holda o‘qishga kirgan yoshlarimiz bugun bu oliy o‘quv yurtining talabasi ekanligidan faxrlanyapti. Turli xorijiy davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Avvallari xorij tajribasini o‘rganish uchun faqat rektor yoki prorektorlar borgan bo‘lsa, bugungi kunda yosh iqtidorli o‘qituvchilar, shuningdek, talabalar ham yuborilmoqda. Kelgusida oldimizga qo‘ygan maqsadlardan biri, universitet tasarrufida klinika tashkil qilish. Bu yerda kasallangan uy hayvonlari davolanadi. Klinikaga keltirilgan hayvonlarga malakali veterinariya xizmati ko‘rsatish bilan birga yaqin hududlardan kelib tushgan murojaatlar asosida tez yordam xizmati ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Keyinchalik esa bunday klinika tez yordam xizmatlari tumanlarda ham tashkil etiladi.
To‘lqin SIDDIQOV.