Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida 2 mingdan ziyod talabgor ishtirok etdi
Samarqand shahridagi "Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi"da 300 ga yaqin korxona-tashkilot 4800 ga yaqin vakant ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Shundan 1066 tasi uchun 3,5 million so‘mdan ortiq ish haqi taklif etildi.
Shuningdek, bo‘sh ish o‘rinlari sanoat va ishlab chiqarish yo‘nalishida 3302 tani, qurilish yo‘nalishida 702 tani, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 698 tani va qishloq xo‘jaligida 97 tani tashkil etdi. Ularning 226 tasiga oliy, 1247 tasiga o‘rta-maxsus ma’lumot talab etilgan bo‘lsa, 3283 tasi ma’lumot talab etilmaydigan ish o‘rinlari.
— Korxonamiz maxsus poyabzallar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, - deydi “Amir-ul baxt” mas’uliyati cheklangan jamiyati kadrlar bo‘limi boshlig‘i Dilbar Yusupova. – Hozir 150 nafar ishchimiz bor. Faoliyatimizni yanada kengaytirish uchun yangi xodimlarga ehtiyojimiz katta. Yarmarkada 30 nafar fuqaro bilan shartnoma tuzishni ko‘zlayapmiz.
— Hozir kunlik ishlarda ishlab, oila boqyapman, - deydi oqdaryolik Ilhom Po‘latov. – Lekin kasb-hunar kollejini turizm mutaxassisligi bo‘yicha tamomlaganman. Yarmarkada Tashqi mehnat migratsiyasi viloyat filiali mutaxasilari bilan uchrashdim. Xorijda taklif etilayotgan ish o‘rinlari bilan tanishdim. Germaniyada ishlab ko‘rmoqchiman. Shu yo‘l bilan tajriba to‘plab, kelajakda o‘z mehmonxonamni ochaman.
Ma’lumotga ko‘ra, yarmarkada 2 ming nafardan ortiq fuqaro ishtirok etgan. Tadbir davomida 512 nafar fuqaroga korxona va tashkilotlardagi doimiy ishlarga yo‘llanmalar berilgan, 18 nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb etilgan. Shuningdek, 253 nafar ishsiz fuqaro kasb-hunar o‘rganishga yo‘naltirilgan.