Soyg‘o‘sliklarning qanday muammolari bor?
29 yanvar kuni respublika va viloyatning bir necha soha va tarmoq vakillari Urgut tumanining olis Soyg‘o‘s qishlog‘ida jam bo‘ldi.
Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev boshchiligidagi ishchi guruh hududdagi tog‘, qir-adirlar bag‘rida joylashgan qishloq aholisi bilan uchrashdi va ularni qiynab kelayotgan muammolarini birma-bir o‘rganib, joyida hal etish choralarini ko‘rdi.
- Maqsadimiz viloyatning eng chekka qishlog‘i aholisining turmush sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish, - dedi B.Parpiyev. – Mahalla ko‘chalari, ayniqsa, maktabga borish yo‘llarning ta’mirlanishi bugungi kunning muhim masalasi, bu hududda yo‘llarning torligi ham o‘rganib chiqilmoqda. Kunning sovuqligi inobatga olinib, hozircha tosh to‘kiladi. Tuman markaziga eltuvchi avtobus qatnovini ham yo‘lga qo‘yamiz.
Dastlab Soyg‘o‘sda joylashgan 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Qishloqqa olib boruvchi yo‘l va ichki 8 kilometr yo‘lga tosh to‘kilib, tekislandi, aholiga 350 ta suyultirilgan gaz ballonlari tarqatildi.
Umuman, shu kunning o‘zida Soyg‘o‘sda quyidagi ishlar amalga oshirildi:
▪️ mahalla hududidagi qishloq vrachlik punktiga “Damas” rusumli 2 ta tez tibbiy yordam avtomashinasi va mahalla hududidagi o‘quvchilarning maktabga qatnashi uchun avtobus ajratildi.
🔹 viloyat “Suv ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati tuman bo‘limi tomonidan mahallada joylashgan mavjud suv to‘plash hovuzi atrofi obodonlashtirildi, hovuz kuzatuv qopqog‘i payvandlanib, soz holatga keltirildi.
▪️ mahalladagi markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘i bilan ta’minlanmagan aholi xonadonlariga maxsus suv tashish texnikasi orqali toza ichimlik suvi yetkazib berildi.
▪️ mahallada yashovchi kam ta’minlangan 5 oilaga va 32-maktabga toza ichimlik suvini tashib ichish uchun maxsus idishlar tarqatildi.
🔹 “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti korxonasining Urgut filiali tomonidan 105 xonadonga 2,1 tonna suyultirilgan gaz hamda mahallaning 16 xonadoniga yangi maishiy gaz balloni yetkazib berildi.
▪️ mahallaning 4 xonadonida gaz plitalarining ta’mirlash ishlari olib borildi.
🔹 “Urgut tumani elektr tarmoqlari korxonasi” tomonidan mahalladagi 1 ta transformator, 4,5 kilometrlik turli elektr kabellari, 68 ta simyog‘och o‘rniga beon-ustun o‘rnatildi.
🔹 tuman bandlika ko‘maklashish markazi tomonidan 2 fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlash belgilandi, 3 fuqaroga “Urgaz Karpet” qo‘shma korxonasida ishlash uchun yo‘llanma berildi.
▪️ 1 fuqaroga subsidiya mablag‘i hisobidan issiqxona quriladigan bo‘ldi.
🔹 tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan mahalladagi mavjud kam ta’minlangan 10 oilaga 50 nafar mutaxassis biriktirilib, ularning xonadoni obodonlashtirildi va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, 45 xonadonning dudbo‘ronlari tozalandi, is gazidan zaharlanishning oldini olish va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha 1250 dona eslatmalar tarqarildi.
🔹 tuman tijorat banklari tomonidan 26 fuqaroga tikuvchilik, issiqxona tashkil qilish, chorvachilik bilan shug‘ullanish yo‘nalishida kredit rasmiylashtirishga kirishildi.
Husan Eltoyev.