Ish haqi, pensiyalar, stipendiya va nafaqalar o‘z vaqtida to‘lanadi
“Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori (PQ-4679-son, 15.04.2020 yil) qabul qilindi.
Qaror bilan koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida O‘zbekiston Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash va byudjet xarajatlarini maqbullashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Muhim ijtimoiy xarajatlarning to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash, muhimlik darajasidan kelib chiqqan holda dolzarb hisoblanmagan loyiha va xarajatlarni keyingi davrlarga ko‘chirish kabilar shular jumlasidan.
Byudjet tushumlari birinchi navbatda quyidagilarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi:
— koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarga, jumladan, dori vositalari va tibbiyot buyumlari sotib olish, tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va ularni jihozlashga;
— ish haqi, pensiyalar, stipendiya va nafaqalarni o‘z vaqtida to‘lashga;
— oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish, kommunal to‘lovlar va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan xarajatlarni qoplashga;
— Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining qaroriga asosan boshqa tadbirlar va xarajatlarga.