Ishlayapsizmi, demak, ikki yilda bir marta imtiyozli dam olishga haqingiz bor

Ba’zida ko‘cha-ko‘yda, to‘y-ma’rakada yoki yig‘ilishlarda kasaba uyushmalari to‘g‘risida suhbat ochilib qolsa, “Kasaba uyushmalari - sanatoriy va oromgohlarga yo‘llanma beradigan tashkilotmi?” deb so‘rashadi.

- Aslida kasaba uyushmalari faoliyatida bu kabi ishlar ko‘lami keng bo‘lib, dam olish uchun yo‘llanma ajratish ushbu ishlarning bir yo‘nalishi, xolos, - deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat kengashi bo‘lim mudiri Zarif Jozilov. - O‘tgan yili O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat kengashi tomonidan 6 mingdan ortiq ishchi-xodim va ularning oila a’zolari imtiyozlardan foydalangan holda, 292 nafar xodim esa bepul sog‘lomlashtirildi.

Shuningdek, 17 nafar urush va mehnat fronti faxriylari hamda sobiq baynalminalchi, 2 nafar chernobilchi xodimlar bepul yo‘llanma bilan ta’minlandi. 496 nafar ishlovchi pensioner hamda kasaba uyushma a’zolarining ota-onalariga imtiyozli yo‘llanmalar berildi. Qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilayotgan 18 nafar xotin-qiz ham sanatoriyalarga bepul yo‘llanma asosida salomatligini tikladi.

Bugungi kunda Federatsiya qoshida 30 dan ortiq sanatoriya va dam olish maskanlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Barcha sanatoriylar qaytadan rekonstruksiya qilinib, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanmoqda.

Imtiyozli dam olishni istagan ishchi-xodimlar uchun o‘zlari ishlayotgan korxona va tashkilotlardagi boshlang‘ich kasaba uyushmasiga ariza bilan murojaat qilsa bo‘ldi. 

Ishchi va xodimlar kasaba uyushma yoki ijtimoiy sug‘urta byudjeti mablag‘lari hisobidan yo‘llanma olishidan qat’iy nazar, unga ikki yilda bir marotaba sanatoriyga yo‘llanma beriladi. Shuningdek, bu yo‘llanmalar xodimning yaqin qarindoshlari, ya’ni ota-onasi, turmush o‘rtog‘i va farzandlariga ham beriladi.

Yo‘llanmalar uch xil tartibda beriladi. Birinchisi, mehnat va urush faxriylari, baynalminalchi jangchilar, Chernobilchi, olis va chekka hududlarda yashovchi farzandtalab yosh oila vakillari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ishlovchi vakillari bepul yo‘llanma olishi mumkin. Ikkinchi tartibda, ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari yo‘llanma qiymatining 45 foizini to‘laydi.. Uchinchisi, to‘liq qiymatda to‘lov qilish uchun viloyat kasaba uyushma kengashi qoshida tashkil etilgan “Shuhrat oromi” MChJga murojaat qilish lozim. Ushbu korxona tomonidan hozirgi kunda vaqtincha ishlamayotgan fuqarolar va chet davlatlarda dam olishni xohlovchilar uchun sanatoriy yo‘llanmasining to‘liq qiymatini to‘lab, o‘z sog‘lig‘ini mustahkamlash imkoniyati yaratilgan.

Kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lmagan fuqarolar ham bepul yo‘llanma olishi mumkin. Vaqtincha ishsiz fuqarolarga hamda imtiyozli tabaqa vakillariga, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga va yoshga doir nafaqadagi fuqarolarga Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan yo‘llanmalar bepul berilmoqda. Mazkur agentlik tizimidagi 11 ta sanatoriyga navbatga olish tizimi Davlat xizmatlari markazlari bilan birgalikda hududlarda tashkil etilgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan amalga oshiriladi.