Ishtixonda ijod maktabi o‘z faoliyatini boshladi

Shu munosabat bilan tuman markazida ijodiy kecha tashkil etildi.

Unda ijod olamiga ilk bor Ishtixon zaminida qadam bosgan, bugunda esa Toshkent shahri va boshqa viloyatlarda faoliyat yuritayotgan shoir va yozuvchilar hamda yosh qalamkashlar, umumiy o‘rta ta’lim maktabi targ‘ibotchilari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida tuman hokimi F.Ro‘ziyev Ishtixondan Yo‘ldosh Eshbek, Rauf Subhon, Olqor Damin, Abdulla Turdiyev, Zayniddin Bahriddinov, Shahodat Isaxonova, Baxtiyor Rabbim, To‘lqin Eshbek, Orif To‘xtash kabi el ardog‘idagi ijodkorlar yetishib chiqqani, ularning ijodi va ibrati ishtixonliklarga o‘zgacha zavq berishini e’tirof etdi.

Ijodiy kechaga yig‘ilganlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Shahodat Isaxonova, Orif To‘xtash, To‘lqin Eshbek, Baxtiyor Rabbimlarning dilkash suhbatini oldi, she’rlarini tinglab zavqlandi. Ishtixon zaminida yashab, ijod qilayotgan O‘ta Muhammad, Nuriddin Yahyoyev, Shahriddin Umirov, Feruza Tog‘ayeva, Muhabbat To‘xtasheva, To‘lqin Muhammad va yana bir guruh ijodkorlar o‘z kitoblarini taqdim etdi, yangi she’r va ijod namunalaridan yod o‘qidi.

Tadbirda Ishtixonda ijod maktabini tashkil etish, bu bilan qishloqlarda ulg‘ayib kelayotgan yosh iste’dodlarni qidirib topish, ular bilan mustahkam aloqa o‘rnatish, “Ustoz-shogird” an’analarini davom ettirish tashabbusi bildirildi. Shu kungi ijodiy uchrashuvni ushbu ijod maktabining ilk tadbiri deb qabul qilishdi.

Shuningdek, mehmonlar tuman markaziy muzeyi va Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi Usmon Eshbekov uy-muzeyida bo‘lib, yurt tarixidan hikoya qiluvchi eksponatlar bilan tanishdi.

Muqaddam Hayitova.