Ishtixonda qoidabuzar haydovchilardan 52 million so‘m miqdorida jarima undirildi

Kecha, 15 noyabr kuni yo‘l harakati xavfsizligi hamda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmalari hamkorligida Ishtixon tumanida ma’muriy huquqbuzarlik sodir etib, belgilangan jarimalarni o‘z vaqtida to‘lamay kelayotgan haydovchilarni aniqlash maqsadida reyd tashkil etildi.

Avtopatrul avtomashinasiga o‘rnatilgan “Avto.con” uskunasi yordamida 183 ta avtomashina to‘xtatilib, qoidabuzar haydovchilardan 52 million 41 ming 400 so‘m miqdoridagi jarima davlat hisobiga undirildi. 11 ta transport vositasi 5 million 791 ming 395 so‘m miqdoridagi qarzdorligi bo‘yicha jarima maydonchasiga qo‘yildi.

Haydovchilarning transport vositalarini boshqarayotgan vaqtida yo‘l harakati qoidalariga amal qilishi, qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etilishining oldini olish maqsadida uyushtirilayotgan ushbu tadbirlar joylarda davom etmoqda.

Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmati.