Isroil Putinning uzrini qabul qilganini e’lon qildi
Payshanba kuni Kreml sayti Rossiya prezidenti va Isroil bosh vaziri o‘rtasidagi telefon suhbati haqida ma’lum qildi.
Keyinroq Naftali Bennet kabineti e’lon qilgan xabarda aytilishicha, “bosh vazir Rossiya prezidentining uzr so‘rashini qabul qilgan, unga yahudiy xalqi va Xolokost xotirasiga munosabatini oydinlashtirgani uchun minnatdorchilik bildirgan”.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yakshanba kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Italiya matbuotiga bergan intervyusida “Gitlerda yahudiylarning qoni bor”, degan edi:
"U (Zelenskiy) "Men yahudiy bo‘lsam, bizda qanday natsifikatsiya bo‘lishi mumkin" degan argumentni ilgari surganiga... men, xato qilishdan qo‘rqamanu, agar to‘g‘ri eslasam - Gitlerda ham yahudiy qoni bor edi. Bu mutlaqo hech narsani anglatmaydi. Dono yahudiy xalqi aytadiki, «eng ashaddiy antisemitlar odatda yahudiylardir».
Lavrovning so‘zlari isroillik siyosatchi va jamoat arboblari orasida g‘azabga sabab bo‘ldi.
"Xolokostdan siyosiy zarbalar uchun vosita sifatida foydalanishni darhol to‘xtatish kerak", dedi yahudiy davlati bosh vaziri Naftali Bennet.
"Vazir Lavrovning so‘zlari xato. Ularni iloji boricha qattiq qoralash kerak. U aslida Xolokostning teskari targ‘ib qilmoqda, qurbonlarni javobgarlikka tortmoqda. Bu jirkanch, qabihlik va tarixiy haqiqatga zid"», deya ta’kidlagandi «Yad vashem» memorial majmuasi boshqaruvi raisi Dani Dayan.
Mazkur voqealar ortidan esa Putin Lavrovning so‘zlari uchun uzr so‘ragani e’lon qilindi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, Moskva Ukrainaga qo‘shin kiritish boshlanganidan beri neytral pozitsiyani saqlab kelgan sanoqli G‘arb hamkorlaridan birini yo‘qotishni istamagan.