J-PAL Europe O‘zbekistonni oyning eng yaxshi mamlakati deb e’lon qildi

Abdul Latif Jamil kambag‘allikka qarshi kurash laboratoriyasining Yevropa byurosi (J-PAL Europe) O‘zbekistonni oyning eng yaxshi mamlakati deb e’lon qildi.

“May oyida bizning e’tiborimiz O‘zbekistonga qaratildi, bu yerda J- PAL Europe faktik ma’lumotlarni mamlakatda kambag‘allikni kamaytirish siyosatiga jalb qilish imkoniyatlarini o‘rganmoqda”, - deyiladi J-PAL Yevropa byurosi bayonotida.

Yil boshidan beri J-PAL Yevropa byurosi Italiya, Germaniya va Ispaniyani oyning mamlakatlari deb e’lon qildi.

Ma’lumot uchun: J-PAL – kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha global tadqiqot markazi. 2003 yilda MIT asosida yaratilgan. Uning Yevropa, Afrika, Janubiy va Shimoliy Amerika, Yaqin Sharq, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi yetakchi universitetlarida 7 ta hududiy vakolatxonalari mavjud.

J-PAL ning asosiy tarkibi 400 dan ortiq mutaxassislarni o‘z ichiga oladi. Butun dunyo bo‘ylab 300 ga yaqin professor-o‘qituvchilari bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi. Laboratoriyaning butun faoliyati davomida 91 ta mamlakatda 1094 ta tadqiqot o‘tkazildi.

Kambag‘allikka qarshi kurash va aholini ijtimoiy muhofaza qilishni tashkil etish O‘zbekiston davlat siyosatining diqqat markazida bo‘lib, so‘nggi 5 yil davomida mamlakatda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, deb xabar beradi review.uz.