Jahonda o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq hodisalar soni ortmoqda

Samarqand shahrida Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti hamda Germaniyaning «Senior Expertin Servis» xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikdagi «Suitsid va psixiatrik kasalliklarning dolzarb masalalari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Viloyat ruhiy kasalliklar dispanseri, shahar va tuman tibbiyot birlashmalarining psixiatr mutaxassislari ishtirokida o‘tgan tadbirda Katta ekspertlar xizmati vakili, tibbiyot fanlari doktori, professor Volgang Kashka va boshqalar so‘nggi yillarda jahonda ruhiy kasalliklarning turlari ko‘payib, ayniqsa, o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq hodisalar soni ortayotganini ta’kidlab o‘tdi.

- Nevrologiya – tibbiyotning rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, - deydi Respublika bosh psixiatri Ulug‘bek Alimov. – Asab tizimining buzilishi ko‘plab kasalliklarning rivojlanishiga olib keladi. Shu sababli ham qator yillardan beri mazkur xalqaro tashkilot bilan o‘zaro hamkorlik qilib kelamiz. Jahonning yetakchi ruhshunos-psixiatrlari muntazam yurtimizga kelib, shifokorlarimizga o‘z malaka va tajribalarini o‘rgatib kelishmoqda.

Seminar yakunida professor V.Kashka mahalliy psixiatr mutaxassislar uchun kasb mahoratidan saboq berdi.

Dilmurod To‘xtayev.