Jamoatchilik palatasi aholining davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytiradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti shu yil 16 aprelda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish to‘g‘risida" farmon qabul qildi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi va har bir hududda uning bo‘limlari tashkil etiladi.
Jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 50 nafar a’zodan iborat bo‘ladi. Ularning 18 nafari Prezident tomonidan tayinlanadi, 18 nafari mahalliy NNTlar orasidan tanlab olinadi, 14 nafari hududiy jamoatchilik palatalari vakillari bo‘ladi.
Jamoatchilik palatasi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
- fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari to‘g‘risida yillik milliy ma’ruzalar tayyorlaydi;
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish hamda tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni beradi;
- mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadigan o‘ta muhim va dolzarb masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqadi;
- davlat organlariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan tushuntirish beradi.
Hududiy jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 21 nafar a’zodan iborat bo‘ladi. Ular hududlarda faoliyat olib borayotgan NNTlar, ilmiy doiralar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillaridan shakllantiriladi. A’zolarning vakolat muddati 3 yil etib belgilanadi.
Farmon bilan Prezident huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi va Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi faoliyati tugatiladi.
«Mening fikrim» veb-portali Jamoatchilik palatasi tasarrufiga o‘tkaziladi.
Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari davlat organlari va tashkilotlariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan Jamoatchilik palatasi so‘rovini yuborish huquqiga ega.