Jasliqdagi mahbuslarning keyingi taqdiri nima bo‘ladi?
Bugun O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashitirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida»gi («Jasliq» qo‘rg‘onida joylashgan) Qaror ijrosi va tahlili yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda, deb yozadi Human.uz.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan va uzoq yillar davomida qiynoqlar, mish-mishlar bilan nom chiqargan mazkur jazoni ijro etish koloniyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bahrombek Adilov ishtirok etyapti.
"Bu mamlakat uchun tarixiy qaror bo‘ldi. Xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonning kelgusi rivojlanishidagi dolzarb qaror sifatida e’tirof etdi. Bir qator siyosiy ekspertlar bu qarorni siyosiy jasorat deb atadi", - dedi IIV o‘rinbosari Bahrom Adilov.
Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, ayni paytda u yerdagi 395 nafar mahbus (shundan 10 foizi diniy ekstremizm bilan qamalgan) doimiy yashash joyiga eng yaqin hududdagi jazoni ijro etish koloniyasiga ko‘chiriladi.
1999 yildan buyon Jasliqda qancha inson vafot etgani yoki qanchasi og‘ir tan jarohati olgani haqidagi savolga aniq statistikaga ega emasligi ma’lum qilindi.
Adilovning so‘zlariga qaraganda, u yerda turli yoshdagi mahbuslar bor. Masalan, yurak xurujidan yoki biror surunkali kasallikdan vafot etgan bo‘lishi mumkin.