Jazoni o‘tayotgan mahkum transport vositasini olib qochdi

2020 yilning 28 fevral kuni noma’lum shaxs Toshkent tumani, Qorasaroy ko‘chasida qarovsiz qoldirilgan, 24 yoshli Sh.X. boshqaruvida bo‘lgan “Spark” avtomashinasini haydab qochgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan (transport vositasini olib qochish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida mazkur jinoyatni muqaddam sudlangan va hozirda manzil koloniyasida jazo o‘tayotgan mahkum, 21 yoshli A.Y. sodir etganligi aniqlanib, olib qochgan avtomashinani Toshkent shahar hududida boshqarib kelayotgan vaqtida ushlangan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi tergov departamenti xabariga ko‘ra, A.Y. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan. Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.