Jinoyatga gumon qilinayotgan shaxsning ham huquqi bor

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi Farmoni bilan bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish, odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangan bo‘lsa, 2020 yil 10 avgustdagi Farmon bilan sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga e’tibor qaratilib, «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan olijanob g‘oyaning amaldagi ifodasi sifatida islohotlarning navbatdagi yangi bosqichi boshlab berildi.

Shu munosabat bilan, Farmonda tergov va sud jarayonlarida shaxsning huquq-erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, protsessual harakatlarning sifatini oshirish, jinoyat protsessida dalillar to‘plashni mustahkamlash, ularga baho berish tizimini ilg‘or xorijiy tajribada keng qo‘llanadigan isbotlash standartlarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqish vazifasi yuklatilgan.

Unga ko‘ra, jinoyat sodir etishda gumonlangan yoki ayblangan shaxsning huquq va erkinliklarini poymol qilmaslik, ularning himoyaga bo‘lgan huquqini ular ushlangan paytdan boshlab, real ta’minlash, ya’ni, ularni himoyachi bilan xoli uchrashuviga qadar so‘roq qilish man etilishi kabi qoidalar belgilanib, tergov-sud jarayonlaridagi protsessual harakatlarning sifat darajasi yanada oshirilib, takomillashtiriladi.

Inson jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. U bilib-bilmay, tushunib-tushunmay jinoyatga qo‘l uradi. Qonunlarimizda ularning ham huquqlari mustahkamlangan bo‘lib, tergov-sud harakatlari jarayonida ushbu huquqlarni ta’minlashga ularga nisbatan protsessual harakatlarni olib borayotgan mansabdor shaxslarning barchasi majburdir.

Jinoyat kodeksida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, Farmonda bunday qilmishlar sodir etilishining oldini olish bo‘yicha yanada samarali mexanizmlarni joriy qilish, bunday qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish belgilangan. Bu albatta fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Konstitutsiyamizga ko‘ra, barcha fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.

Shu bilan birgalikda, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.

Biroq, ayrim fuqarolarimiz (jinoyat sodir etgan shaxslar yoki ularning qarindosh-urug‘lari) o‘zlarining burchlari va majburiyatlarini unutib, faqatgina o‘z haq-huquqlarini talab qilib, boshqa shaxslarning huquqlari va erkinliklariga putur yetkazib, ularni sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib, hatto davlat xizmatchilari yoki mansabdor shaxslarni haqoratlab, obro‘sizlantirish orqali o‘z maqsadlariga yetmoqchi bo‘ladilar.

Farmonda jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish orqali sodir etilgan har bir jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligi hamda shaxsga, jamiyatga, davlatga yetkazilgan zararlarni to‘liq qoplanishini ta’minlashni belgilanishi Jinoyat kodeksining insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga mos bo‘lib, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan.

Sh.ShARIPOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Payariq tuman sudining raisi.