Ilmiy to‘garaklar – iqtidorli talabalarga imkon
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida talabalarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb etish, ularning intellektual salohiyatini oshirish va innovatsion fikrlashini rivojlantirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Bu jarayonda ilmiy to‘garaklar talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, mustaqil izlanish olib borish hamda kasbiy kompetensiyalarini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Shu jihatdan, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida tashkil etilgan ilmiy to‘garaklar faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi.
Institutda hozirgi kunda 5 ta kafedra qoshida jami 11 ta ilmiy to‘garak faoliyat ko‘rsatib, ularda 300 ga yaqin talaba qamrab olingan. “Ustoz-shogird” an’analarini davom ettirgan holda talabalar institutning professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda turli ilmiy sohalarda izlanishlar olib bormoqda. Ushbu to‘garaklar talabalarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, amaliy ko‘nikmalarini oshirish hamda ularni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb etishga xizmat qilmoqda. To‘garaklar faoliyati doirasida har hafta talabalar bilan maxsus mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.
Xususan, agrotexnologiya kafedrasi qoshida “Yosh tadqiqotchi” va “Yosh muhandis” ilmiy to‘garaklari faoliyat yuritib, talabalarga zamonaviy agrotexnologiyalar va muhandislik yechimlari bo‘yicha bilimlar berilmoqda. Iqtisodiyot va buxgalteriya hisobi kafedrasi huzurida “Yosh iqtisodchi” hamda “Yosh hisobchi” to‘garaklari tashkil etilgan bo‘lib, ular orqali talabalar iqtisodiy tahlil, moliyaviy hisob-kitob va buxgalteriya hisobi asoslarini chuqur o‘zlashtirmoqda.
O‘simlikshunoslik kafedrasi qoshida “Ziroatshunos” ilmiy to‘garagi faoliyat olib borib, talabalarga o‘simliklarni yetishtirish, agrobiologik jarayonlar va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha amaliy bilimlar berilmoqda. Dorivor o‘simliklar va oziq-ovqat texnologiyasi kafedrasi qoshida esa “Ibn Sino izdoshlari”, “Yosh chorvadorlar” va “Yosh texnologlar” ilmiy to‘garaklari tashkil etilgan bo‘lib, bu to‘garaklarda dorivor o‘simliklar, chorvachilik hamda oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar shakllantirilmoqda.
Shuningdek, Raqamli texnologiyalar, turizm va gumanitar fanlar kafedrasi qoshida “Creative students”, “Yosh dasturchi” va “Gid-turoperatorlar” ilmiy to‘garaklari faoliyat yuritib, institutning bir qator iqtidorli talabalari ushbu to‘garaklarda faol ishtirok etmoqda. Mazkur to‘garaklar orqali talabalar raqamli texnologiyalar, dasturlash, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalariga oid zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
Ilmiy to‘garaklar faoliyati davomida iqtidorli talabalar o‘zlarining startap loyihalari bilan ishtirok etib, ustozlardan loyiha shakllantirishdagi kamchiliklar, ularni bartaraf etish va yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim tavsiyalar olmoqda. Bu esa talabalarning innovatsion fikrlashini rivojlantirish hamda ularning kelajakdagi kasbiy faoliyatiga mustahkam zamin yaratmoqda.
2025 yil 12–13 noyabr kunlari Turkmaniston Qishloq xo‘jaligi instituti tomonidan o‘tkazilgan xalqaro “Agroinnovatsiya: Barqaror rivojlanish yo‘li” loyihalar tanlovida “Ibn Sino izdoshlari” ilmiy to‘garagi faol a’zosi, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi ta’lim yo‘nalishi talabasi Azimjon Hamroyev o‘zining “Green protein” innovatsion loyihasi bilan ishtirok etib, 3-o‘rinni egalladi.
Shuningdek, “Yosh iqtisodchi” ilmiy to‘garagi a’zosi, iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishi talabasi Jasmina Xurramova “Qurilish chiqindilaridan dekorativ buyumlar yasash” loyihasi bilan “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Sardor Usmonov,
Yoshlar akademiyasi lideri.