Jinoyatga qo‘l urish sabablari mahallada muhokama qilindi

Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Oq oltin” mahalla fuqarolar yig‘inida 4 552 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallada ezgu ishlarga qo‘l urgan tadbirkorlar, ziyolilar ko‘p. Biroq bu yerda jinoyatchilik nisbatan oshgan.

2021 yilning 11 oyi davomida mahallada 6 ta jinoyatchilik sodir etilgan. Ya’ni, 1 ta firibgarlik, 1 ta o‘g‘rilik, 1 ta tan jarohati yetkazish va 3 ta giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat.

Samarqand viloyati sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev mahallada bo‘lib, aholi vakillari bilan uchrashdi. Davra suhbatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, sabab bo‘ladigan omillarni bartaraf etish, mahalla faollari rolini oshirish mavzularida suhbat bo‘ldi. Sodir bo‘lgan jinoyatlar tahlil etish barobarida kelib chiqish sabablari muhokama qilindi.

Har bir huquqbuzarlik, har bir jinoyat jamiyatimiz uchun dog‘. Bir mahalla bir katta oila ekanligini inobatga olinsa, bu salbiy holatlar hammani birdek tashvishga solishi kerakligi ta’kidlandi. Mahallaning ko‘zi, yuzi va vijdoni bo‘lgan faollar, nuroniylar, kayvonilar bu masalaga jiddiy e’tibor qaratishi, aholi bilan suhbatlar o‘tkazishi lozimligi qayd etildi.

Tadbir davomida viloyat sudlari raislari sayyor qabul o‘tkazib, fuqarolarning muammolarini tingladi. 30 ga yaqin fuqaro viloyat sudlari raislariga yerga oid, shartnomaviy munosabatlar, kredit bilan bog‘liq nizolar, shuningdek, yuritilayotgan jinoyat ishlari bo‘yicha hamda jazodan ozod qilish masalalarida murojaat qildi. Ularning har biri bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi, sud-huquq masalalariga oid murojaatlarning bir qismi joyida hal etildi.

Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi tomonidan sayyor sud majlisi tashkil etildi. Sayyor sudda sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun jazo o‘tayotgan 21 nafar shaxs jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilindi. Albatta, har bir holat alohida o‘rganilib, shaxsning qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tganligi, jazodan tegishli xulosa chiqarganligi e’tiborga olindi.