Jomboy tajribasi viloyat 3-sektor rahbarlari ishtirokida tahlil qilindi
Jomboy tumanida «Sektorlar faoliyatini sifat jihatidan yaxshilash hamda hududni ijtimoiy-iqtisodliy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi» mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda tuman-shahar ichki ishlar bo‘limi boshliqlari ishtirok etib, ularga 3-sektor faoliyati taqdimot qilindi.
Kun avvalida ishtirokchilar Eski Jomboy mahallasida bo‘lib, sektor shtabi a’zolarining faoliyati, ish hujjatlari bilan tanishdi. Tumanning 3-sektori hududida 10 ta mahalla bo‘lib, 45 435 nafar aholi istiqomat qiladi. Joriy yilda 856 ta oila «Temir daftar»ga, 1221 nafar xotin-qi «Ayollar daftari»ga, 55 nafar yigit-qiz «Yoshlar daftari»ga kiritilgan. Bugungi kunga qadar ularga 1 139 266 so‘mdan ortiq moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatilgan.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Rahmatjon Mamatov, tuman hokimi Qayum Sobirov Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan sektorlar faoliyati aholi muammolarini hal etish, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik ko‘rsatkichlarini yaxshilashda muhim dasturulamal bo‘layotgani haqida gapirdi.
Hudud aholisining real daromadlarini oshirish maqsadida Sayxunobod tajribasi asosida ishlar olib borilmoqda. Xususan, Nayman mahallasi malinachilikka ixtisoslashtirilgan bo‘lib, 200 dan ortiq oila shu sohada band. Seminar ishtirokchilari ushbu mahallada ham bo‘lishdi. Tajribali bog‘bon O‘tkir Abdullayev xonadonida tarmoqning istiqbollari haqida so‘z yuritildi.
Ishtirokchilar 3-sektor aholisi mehnat qiladigan «Bog‘bon» in-vitro laboratoriyasi faoliyati bilan ham tanishdi. Zarafshon mahallasida bo‘lib, «Mahalla yettiligi» bilan suhbatlashishdi. O‘zaro tajriba almashish jarayonida mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektori hamkorligining muhimligi qayd etildi.
Jomboy tumani, 3-sektori tajribasi viloyatning boshqa hududlarida ham ommalashtirilishi belgilandi.