Jomboy tumanidagi 6-MTTdagi holat o‘rganilmoqda
Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi, Jomboy tumani hokimligi, tuman adliya, bandlikka ko‘maklashish, sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik, IIB, moliya bo‘limlari hamda prokuratura xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan 6-maktabgacha ta’lim tashkiloti to‘g‘risidagi videolavhalar bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilmoqda.
6-maktabgacha ta’lim tashkilotida ish vaqtida, o‘z xizmat vazifalarini bajarish o‘rniga bazm uyushtirgan xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli jazo choralarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi “Jomboy tumani 6-maktabgacha ta’lim muassasasida bolalar haqiga xiyonat qilindi” sarlavhasi ostida tarqalgan videolavhadagi holatlar tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan o‘rganilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 2019 yilning noyabr oyida ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotining sobiq mudirasi o‘z xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashib, ish jarayonida moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun o‘z vazifasidan ozod etilgan.
O‘rganish natijalari bo‘yicha batafsil ma’lumot berib boramiz.
Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi matbuot xizmati.