Jomboyda harbiy namoyish o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tumanimizda harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazildi.

Yoshlar o‘rtasida uzoq masofaga yugurish bo‘yicha marafon musobaqasi harbiy mashinalar namoyishiga ulandi. Orkestr ijrosidagi kuy jo‘rligida tadbir ishtirokchilari tuman markazi sari yurib bordi.

Madaniyat va istirohat bog‘ida konsert dasturlari, ko‘rgazmali sport o‘yinlari tashkil etildi. Harbiy qurol-aslahalar namoyishida yurtimiz mudofaa salohiyati haqida ishtirokchilarga ma’lumot berildi.

Milliy gvardiyaga qarashli 69932-harbiy qism xizmatchilari hamda mudofaa vazirligining maxsus kuch tuzilmalari namoyish etgan chiqishlar ishtirokchilar olqishi bilan kutib olindi.

8-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari hamda o‘quvchilar tomonidan Vatanparvarlik mavzusida qo‘shiqlar kuylandi.

Tadbirda tuman hokimi H.To‘ychiyev qatnashdi va Vatan himoyachilarini bayram bilan tabrikladi.

–  Yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, sarhadlarimiz daxlsizligini ko‘z qorachig‘idek asrash bugungi tahlikali zamonda har qachongidan muhim, – deydi O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘riqlash boshqarmasi, 2-alohida otryad safdor-xodimi, marafon musobaqasi g‘olibi  B.Eshonqulov. – Bugun Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini ko‘rib, bayramda ishtirok etgan barchaning ko‘nglidan bir o‘y o‘tdi: har tomonlama rivojlangan, murakkab taktik va strategik vazifalarni samarali, tezkor hal eta oladigan, xavfsizligimiz, hududiy yaxlitligimiz, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimiz tinchligini or-nomusidek himoya qilishga qodir zamonaviy armiyamiz, mard va jasur harbiylar bor.

Jomboy tumani hokimligi axborot xizmati.