Jomboylik faol deputatlar moddiy rag‘batlantiriladi

Bu haqda xalq deputatlari tuman Kengashining oltinchi sessiyasida qaror qilingan.

Ushbu qarorga Oliy Majlisi Senati Kengashining 2017 yil 25 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolarini va xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlarini ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish tizimini joriy etish haqida”gi qarori asos bo‘lgan.

Unga asosan xalq deputatlari tuman Kengashida “Adolatli deputat”, “Xalqparvar deputat”, “Mehnatkash deputat” hamda “Faxriy deputat” maqomlari ta’sis etilgan.

Mazkur maqomlarga nomzodlarni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha o‘rganib chiqish va tegishli xulosa berish bo‘yicha komissiya tarkibi tasdiqlangan.

Komissiya xulosasiga ko‘ra, “Adolatli deputat”, “Xalqparvar deputat” va “Mehnatkash deputat” maqomlari Kengashda bir nafardan deputatga beriladi. E’tiborlisi, nomzodlar partiya deputatlik guruhlari tomonidan taqdim etiladi.

“Adolatli deputat”, “Xalqparvar deputat” va “Mehnatkash deputat” maqomini olgan deputatlar bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida bir martalik to‘lanadigan pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, ularga Kengash qarori bilan tasdiqlanadigan shakldagi tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshiriladi.