JSST: To‘rt haftada dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinish holatlari 52 foizga oshdi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, 20 noyabr — 17 dekabr sanalari oralig‘ida dunyo bo‘yicha 850 mingdan ortiq kishiga COVID-19 tashxisi qo‘yildi. Bu — undan avvalgi 4 haftaga nisbatan 52 foiz yuqori ko‘rsatkich.
Shuningdek, o‘tgan 28 kun davomida kasallik tufayli 3 mingdan ziyod odam hayotdan ko‘z yumdi va bu borada 8 foizlik pasayish tendensiyasi qayd etildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur davrda eng ko‘p xastalanish holatlari Rossiyada ro‘yxatga olingan — 279 359 nafar. Ikkinchi o‘rindan Singapur joy oldi. Bu yerda 120 898 nafar bemorda COVID-19 aniqlandi. Italiyada — 114 795, Polshada — 39 828, Avstraliyada — 39 505 nafar kishi infeksiyani yuqtirgani tasdiqlandi.
Umuman, shu kungacha Yer yuzida koronavirus bilan bog‘liq aniqlangan jami holatlar 772 milliondan ortdi. Qariyb 7 million bemor kasallik qurboniga aylandi.