Kadr xizmati rahbarlari faoliyati yillik hamda oylik tarzda doimiy baholab boriladi

Samarqand shahridagi yoshlar markazida viloyatdagi 40 ga yaqin davlat boshqaruvi organlarida mehnat qilayotgan va viloyat bo‘g‘inidagi kadr xizmati rahbarlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyat filiali tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda fevral oyida amalga oshirilgan ishlar natijasi tahlil qilindi, kelgusi oy vazifalari belgilab olindi.
Ta’kidlash lozimki, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyat filiali tomonidan viloyatdagi 33 ta davlat boshqaruvi organlaridagi kadrlar xizmati rahbarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholab borish yuzasidan o‘nta baholash mezonlari ishlab chiqilgan. Ushbu mezonlar 2021 yil fevral oyidan eksperiment tarzida amaliyotga joriy etildi.
Jumladan, davlat fuqarolik xizmatida vakant lavozimlarni ochiq tanlovga berishni ko‘paytirish, davlat fuqarolik xizmatchilariga oid ma’lumotlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritishni tashkillashtirish, davlat fuqarolik xizmatchilarining malakasini oshirishni tashkil etish, kadr xizmati rahbarlari tomonidan ommaviy axborot vositalarida chiqish qilish, oliy va o‘rta–maxsus ta’lim muassasalari talabalari uchun "Ochiq eshiklar" kuni tadbirlarini uyushtirish yo‘lga qo‘yildi.
Ishlab chiqilgan mezonlar asosida kadr xizmati rahbarlari faoliyati yillik hamda oylik tarzda doimiy baholab boriladi.