Kasaba uyushma tashkiloti murabbiylarni taqdirladi
Samarqand shahridagi “Nurafshon” madaniyat saroyida "1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni" munosabati bilan tadbir tashkil etildi.
Tadbirga madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi viloyat birlashgan qo‘mitasi tizimidagi tashkilot va muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi-xodimlar taklif etildi.
Tadbir davomida bir guruh faol soha vakillari kasaba uyushma tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
– Yurtimizda bayramlar ko‘p, ammo biz uchun ular orasida kasb bayramining o‘tishi bir o‘zgacha, – deydi Jomboy tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabining qizlar futboli murabbiysi Maftuna Abdurashidova. – Qolaversa, keyingi yillarda ustozlarga, murabbiylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan minnatdormiz. Bu borada kasaba uyushmasi ancha ilgarilab ketmoqda. Bugungi tadbirda ham e’tirof etilishim meni yanada o‘z kasbimga bo‘lgan qiziqishimni va albatta mas’uliyatimni oshirdi.
- San’at sohasi vakillarining har kuni bayram, buni ayniqsa, shogirdlaringiz bilan yangi bir kuyni, musiqani yaratganingizda yanada chuqurroq his etasiz, - deydi Qo‘shrabot tuman 5-son bolalar musiqa va san’at maktabi direktori Fotima Xoldorova. - Bugungi uchrashuv ham bizga yanada ilhom berdi. Boshqa tumandagi hamkasblar diydorlashuvi orqali bir-birimiz bilan tajriba almashishga imkon bo‘ldi. Ayniqsa, san’atkorlarning chiqishi, sahna ko‘rinishlaridan o‘zimizga yangicha g‘oyalar oldik. Kamtarona mehnatimizni qadrlab, e’zozlanganimiz uchun tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildiraman.
Husan ELTOYeV.