Kasaba uyushmalari kimga, qanday yordam beryapti?
Joriy yilda 5305 ta kam ta’minlangan va notinch oilalarning 6 mingdan ko‘proq muammolarini bartaraf etish uchun 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.
Sira esimdan chiqmaydi, sobiq ittifoqning so‘nggi yillarida har yuz xonadonning 44 tasida televizor borligi katta voqelik sifatida baholangandi.
To‘g‘ri, baland davonni birdan zabt etib bo‘lmaydi. Ammo shukur va sabr bilan hamma narsani qo‘lga kiritish mumkinligini davrning o‘zi ko‘rsatmoqda. Uzoqqa bormaylik, bundan 3-4 yil muqaddam keksalarimiz pensiya pulini kutib, kunning katta qismini pochta bo‘limlari eshigi tagida o‘tkazardi.
Bunday voqeliklar davrning “qusuri” sifatida ortda qoldi. Bugun nuroniy otaxon-onaxonlarning pensiya pullari uylariga olib borib berilmoqda.
Bugun aziyat chekkan inson borki, uning o‘z dardi bilan o‘zi qolishiga yo‘l qo‘yilmayapti. Davlatimiz rahbari hech kimdan tortinmay, bizda shuncha kam ta’minlangan, kambag‘al oilalar bor, deya haqiqatning yuziga tik boqdi. Natijada, hukumat tomonidan kambag‘allikni tugatish dasturi ishlab chiqilib, izchillik bilan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Misol uchun, bu borada viloyatimizda kam ta’minlangan oilalar uy-joy bilan ta’minlanib, yashash xonadonlari ta’mirlanyapti. Nochor oilalarga maishiy texnika, gaz plita va ballonlar tarqatilyapti.
Birgina, 2017 yilda ajratilgan mablag‘lar doirasida 30 nafar fuqaro uy-joy bilan ta’minlanib, 160 ta oilaning xonadoni ta’mirlandi, 1776 ta oilaga maishiy texnika vositalari va 543 ta gaz plita (balloni bilan) berildi.
2018 yilda kambag‘al oilalarga ko‘rsatilayotgan yordam ko‘lami yanada kengaydi. Xususan, 35 nafar fuqaro uy-joy bilan ta’minlandi. Shuningdek, 398 ta oilalarning uy-joyi ta’mirlandi.
Joriy yilda viloyatimizdagi 1097 ta mahalladagi 5305 ta kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va notinch oilalarning ahvoli o‘rganildi. Bu xonadonlarda 6478 ta muammo aniqlanib, ularni bartaraf etishga 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
Suhrob RAFIQOV,
Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.