“Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlarining ahamiyati katta

Prezidentimizning Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, o‘quvchilarni erta bosqichda kasbga yo‘naltirishga qaratilgan tashabbuslari doirasida 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab umumta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun fanlar kesimida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Endigina yakunlangan o‘quv yilining ikkinchi choragi davomida maktabimizda ham ushbu tadbirlar muntazam tashkil etildi. Avvalo, “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlariga fanlar kesimida muassasamizning yetakchi o‘qituvchilari jalb qilindi. Ular orasidan fanlar kesimida mentor-o‘qituvchilar tayinlanib, ularga qo‘shimcha har oylik ustama haq to‘lanishi belgilandi.
Tadbirlarimiz saviyasini oshirish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida “Uzluksiz kasbiy ta’lim” platformasi imkoniyatlaridan keng foydalandik.
“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlarida tajribali o‘qituvchilar o‘zaro darslarga kirib, tahlil ishlarini amalga oshirdi, kamchiliklar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Xullas, bu kabi tadbirlar yoshlarning muvaffaqiyatli kasb tanlashi, mehnat bozorida o‘z o‘rinini topishi, o‘quvchilarning salohiyatini aniqlab, to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan maqsadli ishlarni qamrab olgani bilan ahamiyatli.
M.DUSMANOVA,
Samarqand shahridagi 70-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.