“Kassandra tamg‘asi” bugunning bashoratimidi?
Bolalar tug‘ilmaslik uchun hali ona qornidayoq signal bera boshlaydi. “Yo‘q, bu yorug‘ olamga chiqqim yo‘q, men bunday muhitda yashashni istamayman!” deya bu haqda onasiga belgi jo‘natadi. Ya’ni, onaning peshonasida ayricha dog‘lar paydo bo‘ladi. Jamiyat bunday tadqiqotdan hayratga tushadi. Bolalar bu dunyoga kelishni istamayapti axir!
Jamiyatda yuz berayotgan ba’zi voqealarni tahlil qilar ekansiz, beixtiyor Chingiz Aytmatovning “Kassandra tamg‘asi” asarida yuz bergan holatlar xayolingizda jonlanadi.
Shu kunlarda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravonliklar, ayniqsa, yosh qizlarga nisbatan zo‘ravonliklar haqidagi xabarlarni o‘qirkansiz, beixtiyor uning ildizlari qayerda, degan savol qarshisida qolasiz. Kassandra tamg‘asi yozuvchining xayolotimi yoki bashoratimidi?
Namunalilarda ham kemtiklar bor
Har bir jinoyatning o‘z ildizlari, sabablari bo‘lganidek, zo‘ravonlikning ham biz bilmagan, hatto taxmin etmagan o‘tmishi, asoslari bor. Qayerdadir yopiq ko‘rinishda, qaysidir vaziyatda oshkor bo‘lib qoladigan ushbu yovuzlik har qanday holatda ham bir kuni oshkor bo‘lishi tayin.
Jinoyatga qo‘l urgan ko‘plab bolalar oilasi bilan qiziqqanman. Barchasida deyarli bir xil ahvol: o‘sha oilada nosog‘lom muhit. Yo ota zo‘ravon, ichkilikka berilgan yoki ona bolasidan yuz o‘girgan. Bir qaraganda masalani hal etishning hech imkoni yo‘qday. Axir farzandga ota-onadan ham yaqinroq inson bo‘lishi mumkinki? Agarki ota-onasiga kerak emas ekan, bu haqiqatni anglagan bola yuragini nima bilan to‘ldirish mumkinmi? Afsuski, bugun nafaqat notinch, balki namunali hisoblanib oilalar farzandlari orasida ham jinoyatga qo‘l urish holatlari ko‘p uchramoqda.
- Shu yilning o‘zida voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir bo‘lgan huquqbuzarliklar uchun 1270 holatda ota-onalarga ma’muriy javobgarlik belgilandi, - deydi viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi mas’ul xodimi Anvar Doliyev. – Ular orasida muntazam dars qoldirish, yengil tan jarohati yetkazish, haqoratlash kabi huquqbuzarliklar mavjud. Yoshlar orasida bu kabi huquqbuzarliklarning oldini olish uchun umumta’lim maktablarida inspektor-psixolog shtatlari joriy etildi, o‘quvchilar bilan ishlashda ular o‘qituvchilarga ko‘makdosh bo‘lyapti. Ko‘pchilik huquqbuzarlik sodir etgan bolalar asosan notinch oilalar farzandlari deb o‘ylashadi. Afsuski, unday emas. Keyingi paytda biz namunali deb hisoblaydigan oilalarda ulg‘ayayayotgan farzandlar orasida ham jinoyatlarga qo‘l urayotganlari uchramoqda. Nega? Chunki bugun yoshlar tarbiyani faqat oila yoki atrof-muhitdan emas, balki tarbiyaga salbiy ta’sir qiluvchi har qanday axborotdan turli ko‘rinishda (video, audio) ham olayotgani hech kimga sir emas. Kimgadir ushbu axborotlar ta’sir qilmaydi, ammo insonlar bir xil bo‘lmaganidek, internet olamidagi axborotlardan turlicha ta’sirlanadigan o‘smirlar ham ko‘p.
Viloyat IIB HPBga bevosita bo‘ysunuvchi, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga yil davomida 307 nafar bola olib kelingan bo‘lib, shundan 4 nafari sodir etgan qoidabuzarliklariga asosan Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga, 8 nafari “SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari” Samarqand filialiga joylashtirilgan.
***
...Biolog olim Filofey (“Kassandra tamg‘asi”ning bosh qahramoni) ilmiy tadqiqotlari davomida aql bovar qilmas yangilikka qo‘l uradi. Uning yangiliklari tegishli rahbarlargacha yetib boradi va uni o‘z huzurlariga chaqirtirib, “Sizning kashfiyotingiz, ta’bir joiz bo‘lsa, qo‘lbola biologiyaning kashfiyotlari – bu odam tabiatiga chuqur kirib borish, aslida esa inson shaxsini qayta qurish, shaxsning kelib chiqishini, jamiyatdagi o‘rni va rolini o‘zgartirish, keyinchalik esa sun’iy tug‘iladiganlar matritsasiga asosan butun insoniyatni qaytadan yaratish imkoniyati demakdir…” deb, uning oldiga vazifa qo‘yishadi: “Butun dunyoda kommunizm g‘alaba qozonishi uchun bizga ota-onasi noma’lum, sun’iy yetishtirilgan ikszurriyotlar kerak”.
Ular insoniyatning genida mavjud barcha nobopliklarni o‘zidan soqit qilgan qilgan holda tug‘ilishi, bir so‘z bilan aytganda, kimligi, qayerdanligi, nasl-nasabi noma’lum bo‘lgan, o‘tmishi bilan qiziqmaydigan ikszurriyodlar kerak edi jamiyatga. Filofey uzoq yillik jazoga tortilgan mahkumalarni tanlab olib, ushbu topshiriqni amalga oshirishni boshlab yuboradi. Keyin ilmiy ekspeditsiya bilan kosmosga uchadi. Koinotdan turib, u qanchalik adashgani hamda dahshatli xatoga yo‘l qo‘yganini anglaydi. Axir bu ikszurriyotlar ulg‘ayib, aqlini tanigach, kimligi, qayerdan paydo bo‘lganlariga albatta qiziqadi va haqiqatni anglagach, butun dunyoni ostin-ustun qilib tashlaydi-ku, axir...
Muassasalar oilalarga aylantirildi
Bugun faqat notinch oilalargina huquqbuzarliklar o‘chog‘i bo‘lishi mumkin, degan qarashlarga chek qo‘yish fursati kelgan. Bu masalada qaysidir oila bilan alohida ishlab bo‘lmaydi endi. Yana bir ichki qoida bor jamiyatda: “mehribonlik uylari bolalari orasida jinoyatchilikka moyillik ko‘proq bo‘ladi.” Afsuski, bugun jamiyatda buning aksini ham kuzatyapmiz, bu muassasalardagi bolalar ko‘proq zo‘ravonlikka uchrayapti.
Bolalar alohida mehr istaydi, ular ijtimoiy muassasaga emas, aniq bir insonlarga farzand sifatida berilishi, oila muhitida yashashi kerak, degan tushuncha va boshqa ko‘plab omillar sabab bu masalada jiddiy islohotlar o‘tkazildi.
- Bugungi kunda viloyatda 4088 nafar bola – vasiylik va homiylikda, 78 nafar bola “SOS — O‘zbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi Samarqand filialida, 51 nafar bola 9 ta Oilaviy bolalar uyida, 46 nafari viloyat bolalar uyida, 41 nafar bola – 28 ta patronat oilalarda tarbiyalanmoqda, - deyiladi Bolalar masalalari bo‘yicha viloyat komissiyasi vakili Sh.Quvvatovning xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasidagi axborotida. - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qarmog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Mehr daftari” tizimi joriy etilib, hozirda 627 nafar bola ushbu platformaga kiritilgan. Shulardan 576 nafar bolaning orzu-istaklari o‘rganilib, ularga 130 turdagi 1257 ta mahsulotlar olib berildi. Jumladan, 224 dona noutbuk, 42 dona planshet, 47 dona telefon, 22 komplekt sport anjomlari, 52 dona velosiped, 96 ta mebel jihozlari, 73 dona tikuv mashinasi, 80 dona badiiy hamda tillarni o‘rgatishga qaratilgan kitoblar va shu kabi narsalar bolalarning muammolarini hal etish, iste’dodli bolalarni qo‘llab-quvvatlash, hayotga tayyorlash, ularning ta’lim-tarbiyasini tashkil etish, kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash maqsadida xarid qilindi.
2022 yilda 36 nafar yetim bola uy-joy bilan ta’minlagan bo‘lsa, joriy yilda 48 nafar bola uy-joy uchun navbatga qo‘yilgan.
Joriy yilning birinchi uch oyligi mobaynida viloyatda 98 nafar bola ota-onalarining notarial roziligi va sud qaroriga asosan qarindoshlariga, 5 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola esa farzand asrab olish istagida bo‘lgan oilalarga berilgan. Bundan tashqari, ishlash uchun chet davlatga ketgan ota-onalarning 580 nafar farzandlari hamda ota-ona qarmog‘idan mahrum bo‘lgan 51 nafar bolaga vasiylik va homiylik tayinlangan.
Ammo kamchiliklar ham yo‘q emas. Misol uchun, maktab psixologlari tomonidan noto‘liq va nosog‘lom oiladagi o‘quvchilar bilan alohida ishlash tashkil etilmagan. Mahalla tomonidan shunday oiladagi ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmagan. Mahalla xotin-qizlar faollari tomonidan ushbu toifadagi oilalar bekalari bilan manzilli ish olib borilmaganligi oqibatida aksariyat qizlar noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolmoqda.
***
...Aslida Filofey kim? Asar davomida uning aslida o‘z tuqqan onasi mehribonlik uyiga tashlab ketgani ma’lum bo‘ladi. “O‘shanda, – eslaydi Filofey, – qalin qor edi. Men o‘sha subhi sodiq paytini es-es bilaman desam, bunga hech kim ishonmaydi, albatta. Nailoj, to‘g‘risini gapiraman. O‘shanda qulog‘imga onamning qadamlari ostida qorning g‘arch-g‘urch ovozi eshitilgan. Yodimda, onam o‘sha qish kuni, kallayi saharda shosha-pisha qadam tashlar edi. Esimda, u bezovtalanib meni bag‘riga bosar, dam-badam seskanib cho‘chib tushar edi, onam yuragining qo‘rqinch aralash gupillab urganini mening norasta tanam sezar edi…”
O‘qishni bitiradi va biolog olim bo‘lib yetishadi, olamshumul kashfiyotlarga qo‘l uradi. “Mening omadim chopdi, – deydi u o‘z maktubida, – bu sohada manfaatdor tashkilotlar yordami ham chakki bo‘lmadi, lekin bu haqda alohida gapiramiz, men bo‘lsam, muvaffaqiyatlardan ilhomlanganimdan, shiddat bilan, kuch to‘plagan qovoq ariga o‘xshab, fan paykali ustida parvoz qilar edim; men kashfiyotdan-kashfiyotga uchib, oldinlari hech kimga ma’lum bo‘lmagan fikr-g‘oyalar shovqinidan gangib yurar, ana shu sohada abadiylik sir-asrorining muallifi – Alloh taoloning o‘zini ham orqada qoldirishga tayyor edim. Men ilmiy eksperimentlar doirasida bo‘lsa-da, ota-onalar xohlashadimi-yo‘qmi, kimning yorug‘ dunyoga kelishi, qanday tug‘ilishi, qanday ota-onalardan tug‘ilishini shaxsan o‘zim hal qilar edim, ularning urug‘laridan nima yarata olishimni bilishsa edi…”
Gulruh Mo‘minova.
(Davomi bor)