«Katta dubulg‘a» turniri: O‘zbekiston 13-o‘rinda
1-3 aprel kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida dzyudo bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi navbatdagi musobaqa bo‘lib o‘tdi.
Unda 4 qit’adagi 63 ta davlatdan jami 525 nafar dzyudochi 3 kun davomida 14 ta vazn toifasida bahs olib bordi. Ular orasida O‘zbekiston terma jamoasining 17 nafar dzyudochisi ham g‘oliblik uchun tatamiga chiqdi.
Musobaqa yakunida 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan jamoamiz 63 ta davlat orasida 13-o‘rinni egalladi. Gruziya terma jamoasi 2 tadan oltin va 2 ta kumush medal bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.
Musobaqada Samarqanddan 66 kilogramm vaznda ishtirok etgan Sardor Nurillayev bronza medalini hamda 52 kilogramm vaznda qatnashgan Diyora Keldiyorova kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Quyida Antaliya «Katta Dubulg‘a» turnirida sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz bilan tanishing:
Kumush medal
-52 kg: Diyora Keldiyorova,
+100 kg: Alisher Yusupov,
Bronza medal
-60 kg: Dilshodbek Baratov,
-66 kg: Sardor Nurillayev,
-81 kg: Sharofiddin Boltaboyev.
Taqqoslash uchun: O‘zbekiston terma jamoasi o‘tgan yilgi Antaliya «Katta Dubulg‘a» turnirida bitta oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. O‘shanda Diyora Keldiyorova o‘z vazn toifasida chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan.