Kattaqo‘rg‘onda tumanlararo patrul-post xizmati bo‘linmasi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan jamoat xavfsizligini ta’minlashdagi ilg‘or xorijiy va milliy tajribalar asosida ishlab chiqilgan hamda aholini har qanday tahdidlardan kafolatli himoya qilishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasi, 2022 – 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasi hamda strategiyani 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlangandi.
Ushbu hujjatlarda tasdiqlangan me’yorlarga asosan mahalliy byudjet hisobidan tumanlararo patrul-post xizmati bo‘linmalarini tashkil etish vazifasi belgilangan edi.
Shu asosida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida ushbu shahar hamda Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on va Narpay tumanlariga xizmat ko‘rsatuvchi tumanlararo patrul-post xizmati bo‘linmasi tashkil etildi. Bo‘linma uchun mahalliy byudjet hisobidan 25 ta shtat birligi hamda xizmatda foydalanish uchun 12 ta avtotransport vositasi ajratildi.
Bugun Kattaqo‘rg‘onda o‘tkazilgan tadbirda Samarqand viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov ishtirok etdi va jamoat xavfsizligi konsepsiyasini amalga oshirishda mazkur bo‘linmalar oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Bo‘linma xodimlarining samarali xizmat olib borishi va jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish va jinoyatlarni barvaqt fosh etish maqsadida 12 ta Nexia-3 rusumli xizmat avtomashinalari topshirildi.